Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi vaziyatni tahlil qildi.
Avgust oyida avtotransport vositalarini sotish 2,4%ga o‘sib, 148 mingtaga yetdi. O‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan sotuvlar soni 24%ga ortgan.
Yengil avtomobillar. Avgust oyida sotilgan yengil avtomobillarning umumiy soni 135 mingtadan oshib, o‘tgan oyga nisbatan 2,3%ga o‘sdi.
Nisbatan yuqori o‘sish Xorazm (17%), Jizzax (12%) va Sirdaryo (11%) viloyatlarida qayd etildi.
Umuman olganda, yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan 24%ga o‘sdi.
Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat. Avgust oyida jami 37,7 mingta yangi yengil avtomobillar sotilib, avtomobil sotuvi o‘tgan oyga nisbatan 9%ga o‘sdi.
O‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan esa birlamchi yengil avtomobillar bozorida o‘sish 2 baravardan ko‘proqni tashkil etdi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar segmentida sotuvlar 32,6 mingtani tashkil etdi. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 29,6 mingtani qayd etgan.
Xorijda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar bozori
Avgust oyida xorijda ishlab chiqarilgan 5,4 mingta yangi yengil avtomobillar sotilib, iyul oyidagi ko‘rsatkichdan 8,7%ga ko‘paygan.
Ikkilamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi biroz pasaydi. Oy davomida 97,5 mingta yengil avtomobillar sotilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,1%ga pasaygan. Shu bilan birga, o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan sotuv miqdori 7%ga o‘sgan.
Ikkilamchi avtomobil bozorida sotuvlarning pasayishi “UzAuto Motors” tomonidan “Cobalt”, “Lacetti”, “Labo” va “Damas” avtomobillari uchun shartnomalarning tiklanishi bilan bog‘liq.
Shu yilning avgust oyida 51 mingga yaqin avtomobil uchun shartnoma tuzilgandi, ekspertlar buni kompaniyaning joriy yil oxirigacha ishlab chiqarish rejalariga mos kelishini ta’kidlamoqda.
Elektromobillar bozori
Avgust oyida yengil elektromobillar sotuvi 3,7 mingtadan oshib, iyul oyiga nisbatan 38%ga ko‘paygan.
Eng ko‘p sotilgan elektromobillar Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 2,8 mingta. Shuningdek, Toshkent viloyatida 250 ta va Farg‘ona viloyatida 139 ta elektromobil sotilib, hududlar bo‘yicha kuchli uchlikni tashkil etdi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan elektromobillar sotuvi 5 baravarga oshgan.
Birlamchi bozorda elektromobillar sotuvi 3,2 mingtani tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan 35%ga o‘sdi. Sotish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,3 baravarga ko‘paygan.
Sezilarli o‘sish elektromobillarning ikkilamchi bozorida qayd etildi. Oy davomida sotuvlar 56%ga o‘sdi va 497 donani tashkil etdi. Sotish ko‘rsatkichi 2022-yilning shu davriga nisbatan 89%ga oshgan.
Avvalroq Statistika agentligi joriy yilning yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarga oid ma’lumotlarni taqdim etgandi.