Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda 2023−2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning quyidagi darajalari belgilandi:
- birinchi darajada — hududlarning raqobat ustunliklari va barqaror rivojlanish drayverlarini aniqlab beruvchi O‘zbekiston hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi hamda Qoraqalpog‘iston va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari, Aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi;
- ikkinchi darajada — shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida shaharlarning (shaharchalarning) bosh rejalari, shuningdek, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari ishlab chiqiladi;
- uchinchi darajada — hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan, o‘zida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish markazi tashkil etildi. Markaz Davlat shaharsozlik kadastrini yuritadi.
2024-yilning 1-iyuligacha “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqiladi.
Platformada aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda ovoz berish mexanizmi joriy etiladi.
Avvalroq shaharsozlik sohasidagi ayrim mutaxassislarni har 3 yilda sertifikatlash tizimi joriy etilishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, qurilish faoliyatida majburiy tartibdagi nazorat tadbirlari Qurilishda davlat nazorati elektron platformasida amalga oshiriladi.