Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlanib, uni joriy yilda o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi quyidagi 5ta ustuvor yo‘nalish hamda 100ta maqsaddan iborat:
- har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
- barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash;
- suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
- qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
- “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.
Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kompensatsiya beriladi
Qarorga ko‘ra, 2024-yildan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tarzida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanib, keychalik bu tajriba mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Banklarning nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qiymati 20 mlrd so‘mgacha kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasi asosiy stavkadan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2023/2024 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etiladi.
Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilanadi.
“Ijtimoiy xizmat ishi"ni yuritish tartibi joriy etiladi
Bundan tashqari, kelgusi yildan tibbiyot sohasida quyidagilar amalga oshiriladi:
- onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etiladi;
- virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq budjet mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yiladi.
Joriy yilning 1-oktabridan og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi"ni yuritish tartibi joriy etiladi.
2024-yildan Toshkentning tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari ro‘yxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari “vaucher” tizimi asosida tashkil etiladi;
Shu bilan birga, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.
1-sinfdan kompyuter savodxonligi darslari joriy etiladi
Qaror bilan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha 2023-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
- maktablarda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi darslarini joriy etish;
- 5000tagacha professor-o‘qituvchilarni tajriba almashish uchun, 200 nafargacha yosh olimlarni ilmiy daraja olish uchun tanlov asosida xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish;
- Buxoro shahrida Jadidlar muzeyini tashkil qilish.
Tadbirkorlarga moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llaniladi
Joriy yilning 1-oktabridan tadbirkorlarga miqdori 10 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkor huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2024-yildan quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50%i miqdorida subsidiya berish;
- “Izlanish va rivojlanish” markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summaning 1%ini to‘lash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1% miqdorida hisoblash;
- davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan har yili amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari qiymatining kamida 5%ini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish.
QQSni to‘liq qaytarish tizimi kengaytiriladi
Kelasi yildan jismoniy va yuridik shaxslarga QQSni to‘liq qaytarish tizimi quyidagilar hisobidan kengaytiriladi:
- xorijiy turistlarga — O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida O‘zbekistonda sotib olingan va “Tax free” tizimi bo‘yicha rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun;
- tur-operatorlarga — xorijiy kontragentlar bilan shartnomalar doirasida ko‘rsatilgan eksport xizmatlari uchun.
Suv balansi prognozini yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
2023-yilning 1-noyabridan ijobiy ekologik ekspertiza xulosasini olmagan obyektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish mexanizmi joriy etiladi.
Ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat obyektini tiklash va uning muayyan muddat davomida muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati yuklatiladi.
2024-yildan️ mamlakatning uzoq muddatli suv balansi prognozini yuritish, suv resurslarini tejash dasturlarini qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
️Qoraqalpog‘iston va Xorazmning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun kreditlar 10% stavkada (foiz stavkalarini subsidiyalash hisobiga) ajratiladi.