Yaponiya hukumati Orolbo‘yi mintaqasida iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga $2 mln ajratadi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori hamda BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman ishtirokid uchrashuv o‘tkazildi.
Tomonlar Orol dengizi mintaqasida iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali o‘z-o‘zini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha hujjatini imzoladi. Mazkur loyiha Yaponiya hukumatining $2 mln miqdoridagi moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshiriladi.
Loyihadan to‘rtta shimoliy hudud — Xo‘jayli, Chimboy, Kegeyli va Nukusning 376 mingdan ortiq aholisi foyda ko‘rishi kutilmoqda. Uning bilvosita benefitsiarlari 1,9 mln kishini tashkil qiladi.
“BMTTD va uning sheriklarining jamoaviy tajribasiga asoslanib, innovatsion qishloq xo‘jaligi yechimlarini, muqobil energiya manbalarini aniqlaymiz, targ‘ib qilamiz va mahsulotlarni ishlab chiqish hamda biznesni kengaytirish uchun Yaponiya tajribasidan foydalanamiz. Iqlim xavfiga duchor bo‘lgan chekka aholi punktlarida toza ichimlik suvidan foydalanishni yaxshilashga intilamiz”, — deydi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman.
Boshlang‘ich bosqichda ushbu loyiha mahalliy jamoalarga yordam berish uchun yangi va oqilona qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini olib keldi. Bu ularga o‘z yerlaridan qanday qilib ko‘proq daromad olishni o‘rgatadi.
Ushbu jamoalar qishloq aholisining iqlimga chidamli ijtimoiy xizmatlardan, jumladan, toza ichimlik suvi va barqaror energiyadan foydalanishini ta’minlash uchun iqlimga chidamli jamoalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bilan birga, loyiha aholining salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, loyiha Yaponiyaning innovatsion qishloq xo‘jaligi texnologiyalaridan foydalanish va qishloq joylaridagi jamoalarning hayotiyligini oshirish bo‘yicha tajribasini o‘rganib chiqadi. Uning doirasida yapon tajribasidan foydalanishga, bilim va g‘oyalarning madaniyatlararo almashinuviga yordam berishga qaratilgan.
“Orol dengizidagi inqirozni bartaraf etish uchun qilingan katta sa’y-harakatlarga qaramay, global isish va iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri muammoni yanada murakkablashtiradi. Ushbu jiddiy muammoni har qachongidan ham samarali hal qilish uchun inson xavfsizligini ta’minlash orqali barqaror va bardoshli jamiyat qurish uchun birlashgan sa’y-harakatlar talab etiladi”, — dedi Yaponiya elchisi Hatori.
Uning qayd etishicha, Yaponiya o‘z tajribasi va ekspert bilimlaridan to‘liq foydalangan holda Orol dengizi mintaqasining barqaror va sifatli o‘sishini davom ettirish niyatida.
Avvalroq O‘zbekiston Xitoy bilan $190 mlnlik kelishuvga erishgandi. Tomonlar qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va institutsional rivojlanish kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirmoqchi.