Avvalroq Rossiyaning “UVT Aero” aviakompaniyasi Tatariston poytaxti Qozondan Samarqandga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ruxsatnoma olgandi.
Aviakompaniyaning mazkur yo‘nalishdagi birinchi parvozi joriy yilning 23-sentabrida amalga oshiriladi. Bu haqda “Avia.ru” xabar berdi.
“Qozon” xalqaro aeroportidan harakatlanuvchi aviaqatnovlar haftada bir marta — shanba kunlari quyidagi jadval asosida olib boriladi:
- Qozondan jo‘nab ketish — 22:35;
- Samarqandga yetib borish — 04:15 da (yakshanba kuni).
Samarqand xalqaro aeroportidan parvozlar quyidagi vaqtlarda harakatlanadi:
- Samarqanddan qaytish vaqti — 05:15
- Qozonga yetib borish — 06:55.
Har bir aeroport uchun vaqt mahalliy hisoblanadi. Shaharlar orasidagi yo‘l 3 soatdan ko‘proq vaqtni tashkil etadi.
Chiptalar allaqachon sotuvga chiqarilib, parvoz tarifining bir tomonlama narxi 150 yevrodan boshlanadi. Chipta narxiga 10 kg yuk va 5 kg qo‘l yuki kiradi. Shuningdek, 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 15%lik chegirma mavjud.
Yo‘nalishda Kanadada ishlab chiqarilgan “Bombardier CRJ-200” 50 o‘rinli reaktiv samolyotlari harakatlanadi.
Avvalroq “O‘zaviatsiya” agentligi Rossiyaning “Pobeda” aviakompaniyasiga O‘zbekistonga yangi reyslarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergandi.