OTB inson kapitalini rivojlantirishga O‘zbekistonga mablag‘ yo‘naltiradi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, vazir Behzod Musayev Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning Inson resurslarini rivojlantirish sektori rahbari Ayako Inagaki boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Unda mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, kelgusida yangi tashabbuslarni amalga oshirish borasida muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, “Zamonaviy iqtisodiyot uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va OTB o‘rtasida tuzilgan bitim ijrosini amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Loyiha qiymati $93 mlnni tashkil etadi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, yoshlar va ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, loyiha qurilish, to‘qimachilik va tikuvlik sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, agrobiznes va oziq-ovqat sanoati, texnika va uskunalarga xizmat ko‘rsatish kabi tarmoqlarda malakali ishchi kuchi sifatida inson resurslarini rivojlantirishi qayd etilgan.
Avvalroq bankning O‘zbekistonda elektr uzatish tarmog‘ini takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining mamlakat energetika balansiga integratsiyalashuvini ta’minlash uchun $125 mln miqdorida qarz ajratishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, OTB mamlakatda fermerlarning daromad manbalarini yaxshilash, ularning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun $15 mln yo‘naltiradi.