Avvalroq “China Southern Airlines” aviakompaniyasi Urumchi-Samarqand yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.
Bu bo‘yicha, Transport vazirligi hamda aviakompaniya vakillari o‘rtasida yangi yo‘nalishini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilgandi.
Aviakompaniya Samarqand xalqaro aeroportidan Urumchi shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni joriy yilning 16-oktabridan boshlaydi. Bu haqda Samarqand viloyati transport boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
“China Southern Airlines” aviakompaniyasi Xitoydan Samarqandga parvoz qiladigan birinchi aviatashuvchi bo‘ladi, deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, parvozlar quyidagi jadval asosida haftada bir marotaba olib boriladi:
- Samarqanddan Urumchiga uchib ketish — dushanba kuni soat 01:30da;
- Urumchidan Samarqandga uchib ketish — yakshanba kuni soat 23:20da.
Chiptalarni aviakompaniyaning rasmiy saytidan xarid qilish mumkin.
2022-yilning oktabrida “China Southern Airlines” kompaniyasi Urumchi va Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘ygandi.
Joriy yilning mart oyida aviakompaniya Pekin va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni qayta tiklagandi.
Parvozlar Airbus A330−200 samolyotlarida haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari amalga oshirilmoqda.
“China Southern Airlines” — Xitoyning Guandun viloyati, Guanchjou shahrida joylashgan aviakompaniya, mahalliy, mintaqaviy va xalqaro reyslarni amalga oshiradi.