Uchta viloyatdagi 3ta iste’molchi elektr energiyasiga 1,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Sirdaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Xususan, Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanidagi “I. T” MChJga qarashli AGTKSh elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, davlat manfaatlariga 783,5 mln so‘m (1,7 mln kVt•soat) zarar yetkazgan.
Surxondaryo viloyati, Termiz tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “S.A.F.” MChJga qarashli issiqxonaning elektr hisoblagichi noto‘g‘ri ulanganligi natijasida 297,6 ming kVt.soat miqdoridagi 133, mln so‘mlik energiya sarflangan.
Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumanida fuqaro A. X.ga tegishli chorva xo‘jaligi elektr tarmog‘i 118,9 mln so‘m (264 ming kVt•soat) elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Mazkur uchta holatda davlatga qariyb 1,4 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Bu hajmdagi elektr energiyasi 11 514ta xonadonning bir oylik iste’molini ta’minlashga yetardi.
Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Avvalroq Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta iste’molchi 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani aniqlangandi.