Rossiya kompaniyalari qo‘shni davlatlardan kadrlarni tez-tez yollay boshladi. Bular asosan O‘zbekiston, Gruziya, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda istiqomat qiluvchi mutaxassislardir. Bu haqda “Kommersant” nashri “Solar Staff” servisi tadqiqotiga tayangan holda xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ish beruvchi kompaniyalar soni so‘nggi bir yil ichida 190 dan 260 taga yetgan. Xorijiy kadrlarga to‘langan mablag‘ esa deyarli 1 mlrd rublni tashkil etdi, deydi “Solar Staff” vakili Aleksandr Norovyatkin:
“Agar qo‘shni davlatlar — Gruziya, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsak, bunday frilanserlarga jami 815 mln rubl to‘langan, bu o‘tgan yilga nisbatan uch barobar ko‘pdir”.
Xabarda qayd etilishicha, statistikaga binoan bunday ishchilar va ularni ishga yollamoqchi bo‘lgan kompaniyalar soni ortib bormoqda.
Bular asosan reklama, ta’lim, elektron tijorat va OAV bilan shug‘ullanadiganlardir. Bundan tashqari, dasturchilar, QA-muhandislari, mobil ishlab chiquvchilar, loyiha menejerlari, umuman olganda raqamli mahsulotlar bilan u yoki bu tarzda bog‘langan har bir mutaxassisdir.
Frilanserlar bilan hamkorlik qilish nima uchun foydali?
Ish beruvchilar uchun frilanserlar bilan tuzilgan shartnomalar doimiy xodimlarga qaraganda foydaliroqdir. Shu tarzda kompaniyalar kamroq pul evaziga malakaliroq xodimlarni topishlari mumkin, deb tushuntirdi 'FutureToday" hamkori Denis Kaminskiy:
“Nima uchun boshqa nomzod bozorlariga kirishda masofaviy xodimlar bilan ishlash ajoyib? Birinchidan, ish beruvchi o‘z pozitsiyasini arzonroq va tezroq yopish, ikkinchidan, kamroq pul evaziga yuqori sifatga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy mutaxassislarga ish bo‘yicha moslashuvchanlikni taklif qilish bilanoq, nomzodlar arizalari soni keskin ortadi.
O‘zbekistonlik frilanserlar
Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda o‘zbekistonlik frilanserlar qariyb $12 mln daromad topishgan.
Shundan $9,5 mlni xorijiy platformalardan “SWIFT” orqali kelib tushgan bo‘lsa, $2,3mlni esa “Payoneer” tizimi orqali o‘tkazilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p daromad olgan frilanserlar Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — $11,4 mln. Keyingi o‘rinlarda Toshkent ($129 ming), Andijon ($151 ming) va Namangan ($104 ming) viloyatlari joylashgan.