Janubiy Koreyaning “Sangwon” kompaniyasi O‘zbekistonda junni qayta ishlash zavodini qurmoqchi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, uyushma raisi Faxriddin Boboyev kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muloqotning asosiy mavzusi junni qayta ishlash yo‘nalishida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda Koreya avtosanoati uchun qo‘y terisidan ishlab chiqarilgan tayyor charm yetkazib berish masalasi bo‘ldi.

Uchrashuvda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda xorijiy investorlarga ko‘rsatilayotgan yordam to‘g‘risida ma’lumot berilib, O‘zbekiston korxonalari tomonidan qayta ishlangan jun mahsulotlari, tayyor charm na’munalari taqdim etildi.

“Sangwon” kompaniyasi vakili qayta ishlangan jun mahsulotlarini ko‘zdan kechirib, mahalliy korxonalarning bu boradagi salohiyati yuqori ekanligini, Janubiy Koreyada bu turdagi jun mahsulotlariga talab yuqori ekanligini ma’lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekistondan nafaqat tayyor mahsulotlarni xarid qilish balki, yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsad qilinganligi qayd etildi. Loyiha qiymati — $15 mln.

Yangi loyiha Janubiy Koreya texnologiyasi asosida amalga oshiriladi. Natijada, nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmanistondda hosil bo‘lgan jun xom ashyosini ham qayta ishlash imkoniyati yaratiladi.

Yangi loyiha bilan ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy etilsa, tayyor mahsulotlar Koreyadan tashqari, xalqaro maydonda talabgir mahsulotga aylanadi, deyiladi xabarda.

Janubiy Koreyada qo‘y terisi va undan tayyorlangan charm yetishmaydi. Shu sabab, ishonchli va uzoq yillik hamkorga ehtiyoj sezilmoqda. “Sangwon” kompaniyasi mamlakat avtosanoati uchun tayyor charmni O‘zbekistondan xarid qilish maqsadga muvofiqligini takidlab, bu borada hamkorlik qilish bo‘yicha aniq rejalarini ma’lum qildi.

Xususan, qo‘y terisidan tayyorlangan tayyor charmni xarid qilish bo‘yicha kompaniya O‘zbekiston korxonalariga charmning texnik parametrlarini yuborishi ma’lum qilindi.

Kelgusida katta miqdorda O‘zbekistondan qo‘y terisidan ishlangan tayyor charm import qilinadi. Qayta ishlash jarayoni esa to‘liq Koreya texnologiyasi asosida amalga oshiriladi.

Uchrashuv so‘ngida tez fursatda kompaniya vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib har ikki loyihani amalga oshirish bo‘yicha mahalliy korxonalar bilan muzokaralarga kirshishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Avvalroq O‘zbekiston transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida Koreya bilan hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi.