O‘zbekistonliklar “AvtoVAZ” korxonasiga ishlash uchun jo‘natilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Rossiya ish beruvchilari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari uchun tashkil etilgan tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘zbekistonliklarning birinchi partiyasi jo‘natilgan.
Agentlikning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, mazkur korxonaga jo‘natilgan fuqarolar soni 10tani tashkil etib, yaqin kunlarda yana 20ta ishchi yuboriladi.
“AvtoVAZ” vakillari bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlovlar o‘tkazib, ishga qabul qilish Toshkent, Andijon, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bo‘lib o‘tdi.
Ayni paytda 1000ta mutaxassisga arizalar kelib tushgan. Mazkur murojaatlar asosida hududlarda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Ish haqi miqdori soliqlarni hisobga olgan holda 67 mingdan 74 ming rublgacha (8,5 — 9,4 mln so‘m)ni tashkil etadi, deyiladi xabarda.
Korxonaga mexanik yig‘ish ishlari bo‘yicha mexanizator, metallga ishlov berish uskunasi operatori, temirchi-shtampchi, bo‘yoqchi va boshqalar talab qilinadi.
2022-yili “AvtoVAZ” korxonasi yengil avtomobil qismlarini yig‘ish liniyasiga 500 nafar o‘zbekistonlik mutaxassisni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi.