“UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Captiva-5” krossoveri sotuvini qayta yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

“Hozirda sinov jarayoni davom etmoqda. Natijadan kelib chiqib [sotishni davom ettirish yoki to‘xtatishga] qaror qilinadi”, — dedi “UzAuto Motors”. Qayd etilishicha, agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, shartnomalar 1−1,5 oy ichida ochilishi mumkin.

“Captiva” modeli O‘zbekiston bozoriga 2007-yilda kirgan. O‘sha yilning oktabr oyida mamlakatda avtomobilni yig‘ish boshlandi. 2011-yilning sentabr va 2017-yilning fevral oylarida model yangilandi.

2018-yilning sentabrida GM modellar safini yangilash global strategiyasining bir qismi sifatida ishlab chiqarish to‘xtatilishini ma’lum qildi.

2021-yilning sentabr oyida “UzAuto Motors” yangi 2022-yilgi “Chevrolet Captiva” krossoverining to‘rtta komplektatsiyada sotilishini e’lon qildi. O‘shanda narxlar 192,7 mln so‘mdan boshlangandi.

Biroq, o‘sha yilning noyabr oyida kompaniya savdoni to‘xtatdi. Sabab sifatida model O‘zbekiston iqlimiga mos emasligi aytilgandi.


Joriy yilning 5-avgust kuni “UzAuto Motors” kompaniyasi sakkiz oylik tanaffusdan keyin, “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” avtomobillarining yangilangan komplektatsiyalari uchun shartnomalar tuzishni boshladi.

Oradan bir kun o‘tar o‘tmas esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi.