Shavkat Mirziyoyev elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy xizmatlar faol raqamlashtirilmoqda. Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida bu boradagi istiqbollar belgilanib, BMTning elektron hukumat reytingida TOP-30talikka kirish vazifasi qo‘yildi.
Bu reyting (e-Government Development Index) mamlakatlarda soha rivojini ko‘rsatuvchi xalqaro indeks hisoblanadi.
Uning ahamiyatli jihati, aholi va davlat o‘rtasida elektron muloqotni kengaytirish, xizmatlarni qulaylashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. So‘nggi yillarda unda O‘zbekistonning o‘rni ko‘tarilib, o‘tgan yili 69-pog‘onada qayd etilgan.
Reytingda yuqori 30ta mamlakat qatoriga kirish uchun xorijlik ekspertlar ishtirokida, xalqaro metodologiya asosida 6ta yo‘nalish bo‘yicha 53ta tadbirdan iborat “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Unda onlayn xizmatlar bo‘yicha 112ta ko‘rsatkichni yaxshilash, 2024-yilda 700-ta raqamli xizmatni ishga tushirish va barchasini Yagona portalga jamlash, aholi maskanlari va avtomagistral yo‘llarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Bu jarayonlarni ilmiy-huquqiy ta’minlash, hamkorlar bilan ishlab, kamchiliklarni bartaraf etib borish maqsadida “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bo‘yicha komissiyasi huzurida Loyiha ofisi tashkil etilmoqda.
Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, onlayn xizmatlarni va yuqori texnologiyalar sohasida inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Raqamli texnologiyalar vaziriga BMT Departamentiga (UNDESA) taqdimot qilib, O‘zbekistonning reytingdagi o‘rnini yaxshilashni asoslash topshirildi