“QIWI Uzbekistan” to‘lov tashkiloti xalqaro pul o‘tkazmalari, xususan Rossiya kartalari va “QIWI” hamyonlariga pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmatlarni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tashkilot faoliyatiga Markaziy bank tomonidan cheklov qo‘yilgan bo‘lib, hozir hamyon orqali O‘zbekiston provayderlari xizmatlariga to‘lovlarni hamda “QIWI Uzbekistan” hamyonlari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin.
Xususan, “Uzcard” va “Humo” kartalari bilan har qanday tranzaksiyalar, kartalarga har qanday o‘tkazmalar, “QIWI Rossiya” va “QIWI Qozog‘iston” hamyonlariga o‘tkazmalar hamda xorijiy xizmatlar va moliyaviy xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoni mavjud emas.
Qayd etilishicha, kompaniya bu bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yuborib, haligacha javob olishmagan. Shuningdek, kompaniya harakatlari cheklovlarni tezroq olib tashlashga qaratilgan. Ammo, hamma narsa ham ularga bog‘liq emasligini bildirgan kompaniya.
“Asosiysi — sizning hamyoningizdagi pullaringiz xavfdan holi. Biz ularni sizga qaytarish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Biroq buning uchun Markaziy bankdan pulni qaytarish tartibi bo‘yicha rasmiy tushuntirish kerak. Aks holda, qonunni buzish xavfi bor”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Kompaniya mijozlarga Markaziy bankga shaxsan onlayn ariza topshirishni taklif qilmoqda va “bu vaziyatni hal qilishni tezlashtirishga yordam beriishi” ta’kidlanmoqda.
Joriy yilning 5-sentabr kuni O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘yishdi. Bu Markaziy bankning topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Shu kuni regulyator to‘lov tashkilotlariga o‘rnatilayotgan cheklovlar bo‘yicha izoh berdi. Unga ko‘ra, to‘lov tashkilotlarining transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas.
Shuningdek, Markaziy bankda O‘zbekistonda xalqaro to‘lov xizmatlari, pul o‘tkazmalari hamda onlayn xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaganligini, buni tijorat banklarining platformalari orqali amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
“Spot” soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, mazkur o‘zgarishlar to‘lov tashkilotlari va bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha fikrlarini olgandi.