AQShning “National Endowment for Democracy” (NED) jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan “Reygan-Fassell” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda butun dunyodan huquqshunoslar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati yetakchilari va olimlar ishtirok etishi mumkin.

Dastur Vashingtonda olib borilib, 5 oy davom etadi. Nomzodlar amaliyot o‘tash yoki ilmiy tadqiqot qilish bo‘yicha ariza jo‘natishlari mumkin.

Amaliyot yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlar o‘z mamlakatida demokratiya yoki inson huquqlarini targ‘ib qilish bo‘yicha amaliy tajribaga hamda yetarli darajada karyeraga ega bo‘lishi kerak.

Ilmiy yo‘lda bo‘lgan nomzodlar esa, ariza topshirish vaqtida doktorlik darajasiga (PhD yoki akademik ekvivalenti) ega, mutaxassislik bo‘yicha materiallar nashr etgan bo‘lishi va stipendiya loyihasi uchun batafsil tadqiqot rejasini ishlab chiqishi kerak.

Nomzodlar ingliz tilini yaxshi bilishlari talab etiladi. Arizada quyidagi hujjatlar taqdim etilishi zarur:

  • ariza beruvchi haqida ma’lumot;
  • amaliyotchi yoki ilmiy stipendiya uchun loyiha taklifi;
  • tavsiyanoma;
  • CV va biografiya.

Loyihada demokratik taraqqiyotning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va madaniy jihatlariga e’tibor qaratilishi va metodologiya hamda yondashuvlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Shuningdek, taqdim etiladigan loyihada nomzod qiziqish va tajribasini aks ettirishi mumkin. Tadqiqot loyihalari (maqola, hisobot, qo‘llanma, kitob qo‘lyozmasi va boshqalar) ingliz yoki boshqa tilda to‘ldirishlari kerak.

Dasturga ariza berish uchun portalda hisob ochish kerak.

Qabul qilingan ishtirokchilarga oylik stipendiya ajratilib, Vashingtonga borib-kelish, sug‘urta, turar joy, oziq-ovqat, mahalliy transport va boshqa zaruriy xarajatlar qoplab beriladi.

Shuningdek, to‘liq jihozlangan ofis bilan ta’minlanib, shaharlararo telefon qo‘ng‘iroqlari va Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab professional sayohatlar uchun cheklangan budjetga ega bo‘lishadi.

Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 31-oktabrigacha jo‘natish kerak.

Barcha da’vogarlar tanlov natijalari haqida kelasi yilning aprel oyi o‘rtalarida xabardor qilinadi.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq Yaponiyaning Okinava fan va texnologiya instituti (OIST) tadqiqot dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.