Joriy yilning avgust oyi boshida Xitoyning “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi bilan Andijonda quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.
Yangi Andijon massivida 700 ga yerda ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur stansiya qurilishiga start berildi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasining umumiy quvvati 400 megavattga teng bo‘lib, 2024-yilning 1-apreligacha 100 megavatt quvvatda, kelasi yilning 30-noyabrigacha esa to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.
“Bu elektrostansiya Andijon viloyatidagi umumiy sarfning uchdan bir qismini qoplaydi”, — deydi viloyaat hokimi Shuhurat Abdurahmonov.
Loyiha natijasida yiliga 700 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda 212 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bundan tashqari, atmosferaga 294 ming tonna zararli issiqxona gazlari chiqishining oldi olinadi.
“PowerChina International Group Limited” kompaniyasi 2016-yilda “Power Construction Corporation of China” tomonidan xalqaro loyihalar uchun tashkil etilgan.
Kompaniya shu kungacha umumiy 200 GVt quvvatga ega loyihalarni amalga oshirgan. 2019-yilda $50,5 mlrd, 2020-yilda $58,2 mlrd va 2021-yilda $69,5 mlrd miqdorida aylanma mablag‘larga ega bo‘lgan.