Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlar va OAVda muhokama etilayotgan avtokreditlar cheklanishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan regulyatorning nazoratga doir vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 12-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida banklarning kredit portfelida konsentratsiya tavakkalchiligi holati yuzasidan qarori qabul qilindi.
Bunda banklar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, aktivlari bo‘yicha yo‘qotishlarga oid tavakkalchilikni kamaytirish maqsadida o‘z aktivlarining diversifikatsiya qilinishini ta’minlashi kerakligi belgilandi.
Shu bilan birga, qonunchilikka asosan Markaziy bank tomonidan banklar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi tavakkalchiliklar aniqlanganda, ularning barqarorligini sezilarli darajada yomonlashtiruvchi tavakkalchiliklarga sabab bo‘ladigan ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga belgilangan cheklovlarga rioya etish talablarini kuchaytirishi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda banklar tomonidan aholiga ajratilgan kreditlar tarkibida avtokreditlar ulushining keskin ortishi konsentratsiya tavakkalichigini vujudga keltirib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy yo‘qotishlarning banklar barqarorligiga ta’siri xatarlarini oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu sabab, omonatchilar va kreditorlar manfaatlari himoya qilinishini hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarning banklar barqarorligiga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida regulyator tomonidan banklarga kredit portfelining diversifikatsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Markaziy bankning bu ko‘rsatmasi banklar tomonidan avtokreditlar ajratilishini taqiqlamaydi hamda taklif etilayotgan foiz stavkalari oshishiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha banklarda avtokreditlar ajratish imkoniyatlari mavjud va amalga oshirilmoqda.