Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifi bilan 14-sentabr kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.

“Umumiy sa’y-harakatlarimiz tufayli hayotiy muhim masalalarni hal etish va hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan to‘ldirish borasida jiddiy oldinga siljishga erishdik. Bizning siyosiy muloqotlarimiz va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. Muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar ishga tushirildi”, — dedi davlat rahbari.

Global jarayonlarning mintaqaning barqaror rivojlanishiga ta’siri chuqur tahlil qilinib, bunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish imkoniyati ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni birlashtirishga bog‘liqligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi istiqbollari bo‘yicha takliflarni bildirdi.


Birinchi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.

“Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.

Shu sabab, mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish va bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dastur qabul qilish taklif etildi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashqi savdo faoliyati bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vazirlarning doimiy uchrashuvini o‘tkazish mexanizmini ishga tushirish taklif qilindi.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.

“Bizda bu sohada muvaffaqiyatli sheriklik bo‘yicha tajriba bor. Bu — yengil avtomobillar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va shuningdek, Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasidir”, — dedi prezident.

Uchinchi davlatlarga eksport qilishni ko‘zlagan holda mineral o‘g‘itlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlar, tayyor to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish hamkorlikni chuqurlashtirish va yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tizimli tus olishi uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Uchinchi. Bu — transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikdir.

Asosiy tashqi bozorlardan jo‘g‘rofiy jihatdan uzoqligini hisobga olganda, mamlakatlarda yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning so‘nggi qiymatiga nisbatan 50%gacha yetmoqda.

Ayni vaqtda dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich 11%dan oshmaydi. Natijada iqtisodiyot rivojlangan davlatlardagidan ko‘ra 2−3 marta ko‘p transport xarajatini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda.

Mamlakatlarning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida quyidagilar ilgari surildi:

  • tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish;
  • biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish;
  • transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash;
  • xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish imkoniyatlari mavjud.

“Bizning birgalikdagi faoliyatimizga ozarbayjonlik sheriklarni faol jalb etishni taklif qilaman”, — dedi davlat rahbari.

To‘rtinchi. Energetika sohasida xavfsizlikni ta’minlash.

Mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari hamda demografik o‘sishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy tahdiddir.

Bunday sharoitda tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish zarur.

Bundan tashqari, elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorligining muhim yo‘nalishiga aylanishi lozim.

Shuningdek, mintaqa gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Tojikistonning Zarafshon daryosida GES qurish loyihasi birgalikda ishlab chiqilmoqda, Qirg‘izistonda Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirish masalasi faol hal etilmoqda.

“Shu bilan birga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va „yashil“ vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emas, deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.

Beshinchi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.

Samarqandda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti shafe’ligida dunyoning 30dan ortiq mamlakatlaridan kelgan vazir va ekspertlar ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Bo‘lib o‘tgan bahs-munozaralar davomida mintaqadagi zaif nuqtalar qayd etib o‘tildi.

Bular — agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalari.

Bu sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash muhimligini bildirdi prezident.

“Ta'kidlab aytmoqchimanki, bizning mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni to‘liq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Oltinchi. Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omiliga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan, kelgusi yil bahorda Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkaziladi. Prezident mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini mazkur anjuman ishida faol ishtirok etishga taklif qildi.

Forum yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” deb nomlangan rezolyutsiyasi loyihasi tayyorlanadi.

Shuningdek, Iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish ham iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shilgan amaliy hissa bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun biz ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etish taklif qilindi.


Birgalikdagi madaniyat, san’at va kino kunlari, “do‘stlik kechalari”, yoshlar forumlari, ijodkor ziyolilarning uchrashuvlari, ilmiy simpozium va sport musobaqalarini o‘tkazish yo‘nalishidagi ishlarning tizimliligini ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi.

“Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz”, dedi prezident.

Shuningdek, mamlakatlardagi iste’dodli yoshlar uchun ilm-fan va ta’lim sohasida Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan mutafakkirlar, alloma va faylasuflar nomidagi mintaqaviy grant va stipendiyalar ta’sis etish muhimligi qayd etildi.

Prezident yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish zarurligini bildirdi.

“Xavfsizlik masalalari bo‘yicha davlatlarning Xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan muntazam yig‘ilishlarni o‘tkazish haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi prezident.

Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi.

Xavfsizlikka nisbatan an’anaviy va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi ssenariylarni amalda qo‘llash bo‘yicha qo‘shma harbiy-o‘quv mashqlarini davom ettirish muhim.

Afg‘onistonning bugungi hokimiyati bilan doimiy va ochiq muloqot, ushbu mamlakatni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.

“O‘zbekiston bundan buyon ham afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatadi, shu maqsadda Termizdagi xalqaro xabni gumanitar ko‘mak uchun taqdim etadi, afg‘on fuqarolarini maxsus tashkil etilgan ta’lim markazida o‘qitishni davom ettiradi”, — dedi prezident.

Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish loyihasini ilgari surish bilan birga, Afg‘onistonning ichki transport yo‘llarini tiklash muhimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, afg‘on tomoni bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqot muhimdir.

“Afg‘oniston hokimiyati bilan hamkorlik bizning manfaatlarimizni umumiy tushunishdan kelib chiqishi va o‘zaro kelishilgan holda bo‘lishi zarur. Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari darajasida Muloqot guruhini tashkil etishni taklif qilamiz”, — dedi prezident.

So‘zining yakunida Prezidentimiz Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish taklifini qo‘llab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qildi.

O‘zbekiston rahbari uchrashuv natijalari mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga, keng miqyosdagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari so‘zga chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.

Tadbir yakunida quyidagi hujjatlar qabul qilindi:

  • Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;
  • Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim;
  • Markaziy Osiyoda yerusti transportining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida bitim;
  • Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi to‘g‘risida nizom;
  • 2022−2025 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash uchun “yo‘l xaritasi”.