Toshkentda “Cyberkent” birinchi o‘quv amaliyoti o‘tkaziladi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Joriy yilning 3−4 oktabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Kiberxavfsizlik sammiti — Markaziy Yevroosiyo, CSS 2023” sammiti doirasidagi “Cyberkent” tanlovining saralash bosqichiga arizalar qabul qilinmoqda.

Tanlov joriy yilning 4-oktabr kuni o‘tkazilib, unda jamoaviy tarzda ishtirok etish mumkin. Bunda, jamoadagi ishtirokchilar soni 5 kishidan oshmasligi hamda kamida har bir guruhdan 3 kishi ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Saralash bosqichi doirasida CTF bellashuvi orqali 10 jamoa tanlab olinadi hamda “Cyberkent"ga yo‘llanma beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida har bir guruh o‘z nomi va logosiga ega bo‘shi shart hamda bitta jamoa bir martadan ortiq ro‘yxatdan o‘tkazilishi, bir ishtirokchi bittadan ortiq jamoada ishtirok etishi mumkin emas.

Mashqlar ikki jamoa o‘rtasidagi onlayn qarama-qarshilik shaklida o‘tkaziladi. “Qizil” jamoa uni nazorat qilish uchun tizimdagi zaiflikni topishi kerak bo‘ladi. Obyektga hujumni qaytarish uchun “Ko‘k” jamoa talab qilinadi.

“Cyberkent” g‘oliblari quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:

  • 1-o‘rin — 50 mln so‘m;
  • 2-o‘rin — 30 mln so‘m;
  • 3-o‘rin — 10 mln so‘m.

Bundan tashqari, ariza topshirishga ulgurmaganlar uchun uchta nominatsiya bo‘yicha qo‘shimcha tanlovlar o‘tkaziladi:

  1. “Hack terminal” tanlovi. Mazkur bellashuvda bankomat tizimini buzib kirish va uni boshqargan holda ichidagi mablag‘ni yechish talab qilinadi. Shuningdek, bankomat turgan tarmoqqa ulanish imkoniyati tashkilotchilar tomonidan yaratib beriladi.
  2. “Hack SMART TV” tanlovi. Bunda “Hack Smart Tv” tizimini buzib kirish hamda videolar o‘rnini almashtirib qo‘yish talab etiladi. Bunda ham TV turgan tarmoqqa ulanish imkoniyati tashkilotchilar tomonidan ta’minlanadi.
  3. CTF tanlovida qo‘yilgan masalalarni yechish talab etiladi.

Har bir musobaqada 1-o‘rin go‘liblariga 6 mln so‘mdan, 2-o‘ringa 4 mln so‘mdan hamda 3-o‘rin uchun 2 mln so‘mdan mos ravishda pul mukofotlari ajratiladi.

“Cyberkent” tanlovida ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 20-sentabr kuni soat 18:00gacha havola orqali jo‘natish kerak.

Batafsil ma’lumotni (55) 502−10−10 telefon raqamlari, cyberkent.uz sayti hamda Telegram-bot orqali olish mumkin.