Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida chorvachilik sohasini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan Innovatsion guruh ochildi. Bu haqda BMT xabar berdi.
Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot"ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Sut mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali, tomorqa xo‘jaliklarida qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratilishi kambag‘allikni qisqartirish yo‘lidagi muhim manbai ekanini qayd etishdi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar chorvachilik sohasi oldida turgan muammolar, xususan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga ham alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Vim Riyepma innovatsion guruhlarga ehtiyoj borligi, iqlim o‘zgarishining hozirgi chorvachilik sohasiga ta’siri va global isishga chorvachilik sektorining qo‘shayotgan hissasi katta tashvish uyg‘otishini ta’kidladi.
“Bizga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, tanqis suv resurslarini boshqarish, atrof-muhit va yer degradatsiyasini oldini olish va qaytarish, hayvonlar kasalliklarini nazorat qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va o‘sib borayotgan mikroblarga qarshilik muammosini hal qilish uchun innovatsion yechimlar kerak… Shuning uchun biz O‘zbekiston xalqiga aniq foyda keltiradigan „EU-AGRIN“ loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanamiz”, — deydi Vim Riyepma.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chorva mollarini saqlashdan tortib chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish va chakana sotishgacha bo‘lgan qiymat zanjiri bo‘ylab tijorat imkoniyatlarini keltirib chiqaradi va ayollar innovatsion yechimlarni topish hamda amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
“Chorvachilik global qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 40%ini tashkil etadi, sut ishlab chiqarish esa qishloq aholisi uchun bandlik va daromadning muhim manbai hisoblanadi. Ammo shuni tan olish kerakki, chorvachilik sanoati atmosferaga chiqadigan issiqxona gazlari chiqindilariga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda, bu global antropogen chiqindilarning taxminan 14,5%ini tashkil qiladi”, — deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili v.v.b Anas Qarman o‘z nutqida.
Uning ta’kidlashicha, innovatsion guruhlar iqlim o‘zgarishini yumshatish va yashil iqtisodiyotga o‘tishni rag‘batlantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni amalga oshirish uchun fermerlar va tomorqa xo‘jaliklari egalari bilan hamkorlik qilishadi.
Mazkur sohada yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan innovatsion guruhni O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi boshqaradi. Guruh tarkibi chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Zangiota agrotexnologiyalar texnikumi, Toshkent viloyat Agroxizmatlar markazi (AKIS)ning mutaxassislari, Ohangaron tumanidagi mahalliy fermer va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari rahbarlaridan tashkil topgan.
Iinnovatsion guruh fermer va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida innovatsion sut qoramolchiligini tashkil etishda quyidagilar uchun xizmat qiladi:
- ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash;
- ilmiy asosda kompleks yondashuv orqali samaradorlikni oshirish;
- sohani iqlim o‘zgarishiga bo‘lgan salbiy ta’sirini kamaytirish va iqlim o‘zgarishini chorva mollariga bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatish;
- qishloq joylarida sanoat usulida sutni qayta ishlashda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish
- aholining turmush farovonligini yuksaltirish.
Guruh faoliyati davomida quyidagi innovatsiyalar joriy etiladi:
- “mini-mikser"ni ishlatish orqali mavjud ozuqalardan samarali foydalaniladi;
- yangi ozuqa navi sinaladi;
- qoramollarga iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish uchun “sovutgichli-naves"lar o‘rnatiladi;
- kasallikni erta aniqlashda maxsus usul qo‘llaniladi;
- qoramol chiqindilaridan samarali foydalanilib, ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirishga yo‘naltirilgan innovatsion kompostlar tayyorlanadi;
- uy sharoitida uskuna va jihozlar yordamida sutni qayta ishlash tashkil etiladi.
“EU-AGRIN” loyihasi tomonidan taqdim etilgan laboratoriya va qishloq xo‘jaligi uskunalari, xususan, vertikal sutni sovutish tanklari, ultratovushli sut analizatorlari, moyjuvozlar, sut separatorlari, alyuminiy sut idishlari, pishloq qoliplari, ko‘chma sog‘ish apparatlari, sut chorvachiligi uchun mo‘ljallangan rezina matraslar va boshqa zarur laboratoriya jihozlari Innovatsion guruh tomonidan tanlab olingan 5ta shaxsiy tomorqa xo‘jaligiga o‘rnatildi.
Avvalroq O‘zbekistonda jonivorlarni identifikatsiya qilish tizimi joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, tashkil etiladigan chorvachilik klasterlariga $60 mln miqdorida kreditlar ajratiladi.