“Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qatar hukumatlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Mazkur bitim 2023-yilning 6-iyunida Samarqand shahrida imzolangan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Hukumat hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.
Avgust oyida o‘zbekistonlik olimlar Qatardagi ilmiy tashkilotlarga ilmiy stajirovkalarga jo‘natilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston tomoni ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va suvdan unumli foydalanishga qaratilgan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston OTMlari ishtirokida arabshunoslik va islom qo‘lyozmalarini birgalikda tahlil qilish, olimlarni Qatardagi ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy amaliyotlarga jo‘natish tashabbuslari ko‘rib chiqildi.
Qatar tadqiqot, ishlanmalar va innovatsiyalar Kengashi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik va qatarlik olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirokida ilmiy tadbirlar, konferensiyalar, treninglar tashkil etishga kelishildi.
Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi davomida jami 15 ta hujjat imzolangandi. Ular qatorida oliy ta’lim va ilmiy faoliyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum ham bor.
Shuningdek, iyun oyida Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.