Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifi bilan 15-sentabr kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Prezident sammit kun tartibidan kelib chiqib, takliflar bildirdi.


Birinchi. O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining huquqiy asoslarini takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish tarafdori.

Asosiy hujjatlar va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish borasida quyidgilar taklif etildi:

  • 1990-yillarda qabul qilingan Jamg‘arma nizomini qayta ko‘rib chiqish;
  • amaldagi tuzilma faoliyatini birgalikda tahlil qilish;
  • Jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash;
  • uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar"ni ishlab chiqish.

Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv — energetika — oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, tuzilmaning asosiy hujjatlarida transchegaraviy daryolar suv resurslarini boshqarish va foydalanish sohasida umume’tirof etilgan me’yorlar, prinsiplar va o‘zaro majburiyatlar o‘z ifodasini topishi lozim.

Jamg‘armaning amaldagi tuzilmalari samarasini kadrlar va texnik salohiyatni kuchaytirish, kompetensiyani kengaytirish hisobidan tubdan oshirish mumkin.

orol muammosi, prezident, taklif

Ikkinchi. Asosiy dasturiy hujjatlardagi qoidalarda va loyihalarni bajarish borasidagi aniq oldinga siljishni ko‘rsatadigan natijalarda farqlar bor.

“Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi dasturning ijrosi bilan bog‘liq holat ham bizning barcha mamlakatlarni tashvishga solishi kerak, deb o‘ylayman. Bu boradagi ishlar asosan milliy rejalar yo‘nalishida amalga oshirilmoqda”, — dedi prezident.

Shu munosabat bilan Jamg‘arma boshqaruviga amaldagi dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berishni taklif etaman. Bunda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yo‘l xaritalari"ni hamda ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni nazarda tutish lozimligi qayd etildi.

Uchinchi. Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni kuchaytirish zarur.

Shu sabab quyidagi takliflar ilgari surildi:

  • mamlakatlarning har biri aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan ko‘makni jalb etish bo‘yicha o‘ziga majburiyat olish.
  • raislik qiluvchi tomonning muvofiqlashtirishi asosida investitsiyalarni va texnik ko‘makni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish.
  • xorijiy sheriklar, yetakchi xalqaro institutlar va donor tashkilotlarni jalb etgan holda, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya o‘tkazish.

To‘rtinchi. “Jamg‘armaning ishchi organlariga xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish topshirig‘ini bersak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, — dedi prezident.

Ushbu daryolar havzalarida vaziyatning rivojlanishi bo‘yicha turli ssenariylarni modellashtirishni nazarda tutish muhimligi bildirildi.

Bunday strategik hujjatlarning qabul qilinishi mintaqada suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirishga imkon beradi.

Beshinchi. Suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish.

“Ushbu masalalarni ko‘rib chiqishda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga aminmiz”, — dedi prezident.

Oxirgi 7 yil mobaynida O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 mln gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.

orol muammosi, prezident, taklif

“Biz suvni tejash sohasini Jamg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, bu borada hamkorligimizni kuchaytirishimiz mumkin”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident bu masalalarning barchasini kompleks ko‘rib chiqish maqsadida mamlakatlar suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot vazirlarining doimiy uchrashuvlari bo‘yicha Mintaqaviy platformani ta’sis etishni taklif qildi.

O‘zbekiston Prezidenti “Qo‘shtepa” kanal qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirdi. Ta’kidlanganidek, mintaqada suvdan foydalanish jarayonida yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi.

Shu munosabat bilan kanal qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlardagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish hamda Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

orol muammosi, prezident, taklif

Tadbir yakunida jamg‘arma ta’sischi davlatlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:

  • Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining Dushanbe bayonoti;
  • Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Tojikistonning OQXJdagi raisligi yakunlari to‘g‘risida qarori;
  • Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2024−2026 yillarga OQXJ prezidenti etib saylangani to‘g‘risidagi qarori;
  • Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnoma-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha faoliyat to‘g‘risidagi qarori.
  • 2024−2026 yillarda OQXJga raislik Qozog‘istonga o‘tdi.