“Uzcard” faoliyatini boshqaruvchi “Yagona umumrespublika protsessing markazi"ning ta’sischilari o‘zgartirildi. Bu haqda Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, hozir kompaniyaning 75% ulushi “IMC-Capital” kopaniyasiga tegishli, qolgan 25%i esa o‘tgan yillarda “Uzcard” bosh direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Kamron Akbarovda qoldi.

baa, imc-capital, uzcard

Bungacha Obid Agzamxo‘jayev, Kamron Akbarov, Timur Azadov va Mansur Usmonovlar “Uzcard"da teng ulushga ega edi. O‘tgan yilning sentabr oyida ular kompaniyaning davlat ulushini sotib olib, buning uchun 210,1 mlrd so‘m to‘lashgandi.

Biroz vaqt o‘tgach, “Yagona umumrespublika protsessing markazi” bosh direktori ham o‘zgardi. 2022-yilning noyabridan buyon kompaniyani boshqarib kelgan Farrux Ziyayev o‘z lavozimini moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Olimjon Zokirovga topshirdi.

“IMC-Capital” MChJ 2022-yil avgust oyida tashkil etilgan bo‘lib, o‘z faoliyat turi sifatida ulgurji, maxsus bo‘lmagan savdo bilan shug‘ullanadi. 212,7 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega kompaniyaga Azizbek Azizov rahbarlik qilmoqda.

Shuningdek, “IMC-Capital"ning yagona asoschisi BAAning “Berill Holding Company Limited” kompaniyasi hisoblanadi. 2023-yil iyun oyida Dubay xalqaro moliya markazida shu nomdagi va ustav kapitali $1000 bo‘lgan kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan va uning rahbari sifatida Aziz Yusupov ko‘rsatilgan.


Avvalroq “HUMO” va “UZCARD” to‘lov tashkilotlarining integratsiyalashuvi yakunlangani haqida xabar berilgandi.