“O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi “Uzbekistan GTL” kompaniyasi tomonidan OTM talabalari uchun beshinchi “GTL stipendiyalar dasturi” tanlovini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Unda oliy ta’lim muassasalarining 3-, 4-bosqich bakalavr va 1-, 2-bosqich magistratura darajasining texnika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.
Tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, birinchi bosqichda nomzodlar 15-sentabrdan 15-oktabrgacha havola orqali anketa to‘ldirib, ro‘yxatdan o‘tishlari kerak hamda Telegram-bot orqali o‘zlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi video yuborishlari so‘raladi.
Joriy yilning 20-oktabridan 15-noyabrigacha onlayn anketalar va videolar orqali saralangan talabalar o‘rtasida mutaxassisliklari va ingliz tili bo‘yicha yozma ish yoki test shaklida imtihon o‘tkaziladi.
Undan keyin, 20-noyabrdan 15-dekabrga qadar ikkinchi bosqichda yuqori natijaga erishgan talabalar suhbatda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Tanlov doirasida o‘tkaziladigan har bir bosqich bo‘yicha batafsil ma’lumot (keyingi bosqichga o‘tgan talabalar ro‘yxati, imtihon o‘tkazish kuni, joyi va vaqti) kompaniya rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib boriladi.
Dastur g‘oliblarini taqdirlash joriy yilning dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘oliblarga 1 yil mobaynida oylik 1 mln so‘m miqdorida stipendiya ajratiladi hamda OTMni tugatgandan so‘ng doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, stipendiya qo‘lga kiritganlar “Uzbekistan GTL” zavodida kengaytirilgan ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Amaliyot davomida transport, yashash va ovqatlanish xarajatlari kompaniya tomonidan qoplab beriladi.
Mazkur stipendiya dasturi 2019−2020 o‘quv yilida ta’sis etilgan bo‘lib, shu paytgacha jami 5714ta talaba ishtirok etgan hamda 70ga yaqin g‘olib va faol ishtirokchilar aniqlangan.
Tanlov haqida batafsil ma’lumotni bu yerdan olish mumkin.
Avvalroq Markaziy bank talabalar uchun stipendiya tanloviga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.