16-sentabr kuni bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida regulyator tijorat banklari va biznesga qo‘yilgan valyuta operatsiyalari bo‘yicha yangi cheklovlarni bekor qilganini MB raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, xabar beradi “Spot” muxbiri.
“Bu qaror bo‘yicha biz ma’lum bir fikr va ijobiy qarashlarni ko‘rmadik. Jamiyat tominidan qabul qilinmagan qaror qaysi maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishidan qat’i nazar — noto‘g‘ri qarordir”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir kun oldingi qaror bekor qilindi va bu haqda tijorat banklari ogohlantirilgan.
Gap nima haqida?
15-sentabr kuni Markaziy bank 18-sentabrdan boshlab tijorat banklari uchun valyuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirayotgani ma’lum bo‘ldi.
“Gazeta.uz” manbalariga tayanib xabar berishicha bu haqdagi qaror Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 15-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida, so‘ngra tartibga soluvchi organ rahbariyati tomonidan qabul qilingan.
Agar qaror bekor qilinmaganda, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning chet el valyutasini sotib olish va valyuta operatsiyalari bilan bog‘liq amaliyotlari faqat asosiy hisobvaraq ochilgan banklar orqali o‘tkazilishi kerak bo‘lardi.