1-oktabrdan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Quyidagilar “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” MChJlariga onlayn ariza yuborish orqali dasturda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi:
- kamida 1 yil mobaynida ishlayotgan YaTT, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmand, kasanachi, NTT, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik biznes;
- oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan shaxslar.
1-oktabrdan dasturda ishtirok etuvchi kichik tadbirkorlarga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4%lik yuqori stavkada 1,5 mlrd so‘mgacha kreditlar va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing quyidagicha ajratiladi:
- faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha;
- aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha.
Bunda, 100 mln so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 mln so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50%gacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi.
Shuningdek, qiymati 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalar 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga beriladi hamda innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milrd so‘mgacha grant mablag‘lari ajratiladi.
2024 yil 1 yanvardan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada ajratiladi.
Qaror bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida Kichik va o‘rta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qo‘llab-quvvatlash va sohada davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti tashkil etildi.
Avvalroq tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengash tarkibi yangilani haqida xabar berilgandi. Kengashi a’zolari soni 22 tadan 30 tagacha oshirilib, ayrim amaldorlar hamda tadbirkorlar yangilangan tarkibdan chiqarilgan.