O‘zbekistonda noqonuniy joylashtirilgan tashqi reklama obyektlari 3 mingdan oshadi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mamlakatda 16 832 ta tashqi reklama va axborot obyektlari mavjud bo‘lib, shundan 66%i (11 144ta) Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

O‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra 9 905tasi (58,8%) belgilangan talablarga mos emasligi aniqlangan. Shundan 6 004ta reklama konstruksiyasi poytaxtda joylashgan.

Mamlakatdagi jami 3 082ta (31,1%) tashqi reklama obyekti noqonuniy (hech qanday hujjatlarsiz) joylashtirilgan. Shundan qariyb 97%i, ya’ni 2 984tasi Toshkent shahrida joylashgani ma’lum bo‘lgan.

4 646tasi bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va qaror talablariga moslashtirish, yoki ixtiyoriy ravishda demontaj qilish yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan konstruksiya egalariga 1 825ta ko‘rsatma xatlari kiritilgan.

Shuningdek, Toshkentdagi reklama konstruksiyalarida reklamalarning davlat tilida bo‘lishini ta’minlash yuzasidan jami 745ta monitoringlar o‘tkazilgan.

Natijada, 159 ta (21,3%) holatda reklamaning, 339ta holatda (45,5%) peshlavhalarning va 39ta (5%) holatda e’lon va matnlarning boshqa tillarda berilganligi aniqlangan. 108ta holatda kamchiliklar ixtiyoriy bartaraf etilib, qolgan kamchiliklar bartaraf etilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Avvalroq joriy yilning 1-dekabridan boshlab tashqi reklama uchun joy “E-auksion” orqali sotilishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, tashqi reklama raqamli monitoring elektron tizimi va reklama joylashtirish uchun yagona to‘lov joriy etiladi.