“Centrum Air” aviakompaniyasi Toshkentdan Bishkekka parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasidagi muzokaralar olib borilgan.
Natijada “My Freighter” (Centrum Air) aviakompaniyasi shartnomaviy asosda Toshkent-Bishkek yo‘nalishida yo‘lovchilar, yuklar va pochtaning muntazam tashuvchisi etib tayinlandi.
Mazkur yo‘nalishdagi qatnovlar aviakompaniyaning kuz-qish mavsumi parvozlar jadvaliga kiritilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq aviakompaniyaning Urganch-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha qatnovni yo‘lga qo‘yishi ma’lum bo‘lgandi.
Joriy yilning aprel oyida kompaniya Namangan va Toshkentdan Jidda shahriga parvoz qila boshladi. May oyida Toshkent-Sharm El-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslar yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Toshkentdan Tbilisi, Hurgada hamda Olmaotaga ham parvozlarni boshlagan. Iyunga kelib, Urganch, Buxoro va Termizni Moskva bilan bog‘ladi.
Iyul oyi oxirida esa aviatashuvchi Sankt-Peterburgdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi.