Buxoroda 26,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlar jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi tomonidan sudlanuvchilar A.Jabborov, J.Sultonov, M.Hayitov va A.Abdullayevlarga oid jinoyat ishi ko‘rildi. M.Hayitov va A.Abdullayevlar “Dildora” MChJ rahbari A.Jabborov hamda “Osiyo Buxoro gaz” MChJ rahbari J.Sultonov bilan til biriktirib energoresurslarni o‘g‘irlash jinoyatlarini sodir etishgan.

Xususan, M.Hayitov 15.08.2022-yilning 15-avgustidan “Hududgazta'minot"ning “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minot filiali metrologiya xizmati boshlig‘i vazifasida, A.Abdullayev metrologiya xizmati yetakchi muhandisi vazifasida ishlab kelib, mansab vakolatlaridan qasddan foydalangan. Ular mazkur jamiyat rahbarlari A.Jabbarov va J.Sultonovlar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan.

Jamiyatga qarashli gaz quyish shahobchalarga kelgan alohida tabiiy gaz quvurining ulanish nuqtasidagi “Avtopilot-PRO” gaz hisoblash uskunasi o‘rnatilgan xonaning eshigi tamg‘alanishini ta’minlamasdan, uskunadagi mavjud implyus trubkasi tamg‘asini gaz mahsulotlari quvurlarida o‘g‘irlik qilish maqsadida hech qanday hujjatsiz almashtirilgan.

Natijada, “Hududgazta'minot"ga tegishli jami 26,1 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlanib, yashirin ravishda talon-toroj qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksi 169-moddasi 4 -qismining “a” bandi, 209-moddasi 2-qismining “a” bandi, 228-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari bilan aybli deb topilgan A.Jabborov, J.Sultonovlar 11 yil, A.Abdullayev va M.Hayitovlar 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Shuningdek, ayblanuvchilar tomonidan 6 mlrd so‘m zarar qoplanganligi sabab, qolgan 20,1 mlrd so‘m zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.

Avvalroq uchta viloyatdagi 3ta iste’molchi elektr energiyasiga 1,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgandi. Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta iste’molchi ham 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Joriy yilning sakkiz oyida mamlakatda 390 mlrd so‘mga teng gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Hududlar bo‘yicha eng ko‘p noqonuniy foydalanish holatlari Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.