Ijtimoiy tarmoqlarda un narxining oshishi bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Jumladan, aholini un mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida har yili mamlakatda 8 mln tonna atrofida bug‘doy yetishtirilmoqda. Talab esa, 104,4%ni tashkil etadi.
Sentabr oyida Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan dehqon bozorlaridagi narxlar o‘rganildi.
Unga ko‘ra, chakana savdoda Rossiya va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan “365 kun”, “Turon”, “Mo‘tabar”, “Oltin don”, “Makfa” va boshqa markadagi oliy va 1-navli un qadog‘iga qarab 5000 so‘mdan 7500 so‘mgacha sotilayotgan bo‘lsa, ulgurji savdoda 5000−7000 so‘mni tashkil etmoqda.
Bu narx o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 200−300 so‘mga oshganini ko‘rsatadi. Shuningdek, vazirlik joylardagi savdo rastalarida erkin narx belgilanishi oqibatida bundan ortiq darajada oshganini hamq ayd etgan.
Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi natijasi hisoblanadi. Bundan tashqari, Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlariga korxonalarini 15 kunga profilaktikaga yopishi haqidagi e’lon ham mazkur sigmentda narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi.
“Bu har yili bo‘ladigan mavsumiy tebranish hisoblanib, o‘tgan yilning mos davrida ham mazkur holat kuzatilgan. 20 kunlik hisobotda narxlar nafaqat o‘z joyiga qaytgan, balki, tushish tendensiyasini ham ko‘rsatgan. Buni bozorimizdagi vaziyat tahlili ham tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.
Qozog‘iston ichki bozorida narx oshgan va bu g‘alla o‘rimi boshlanayotgani bilan izohlanadi. Ya’ni o‘rimga qadar omborlarda qolgan bug‘doy sotuvda kamaygan. Bundan rossiyalik treyderlar ham foydalanib, vaqtinchalik imkoniyatlar darchasida narxlarni oshirdi.
Ammo Chikago birja bozorida kelgusi yil uchun g‘alla shartnomasining narxi ancha pasayib ketgan. Shunga qaramay, Qozog‘istonda o‘rim boshlanib, hosil yig‘ib olingach, narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda. Ayni kunlarda noqulay ob-havo sharoiti tufayli o‘rim kechikmoqda.
Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan un mahsulotlarining ulgurji narxi esa 4000−4500 so‘mni, chakana savdoda 5000−6000 so‘mni tashkil etmoqda. Bu narxlar avgust oyiga nisbatan narx o‘sishi hamda aholi tomonidan ajiotaj mavjud emasligini ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, asosiy turdagi oziq-ovqat narxlari monitoringi bo‘yicha hududiy shtablar tashkil etilib, bozorlardagi va savdo rastalaridagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini monitoring qilish hamda narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, eksportyor mamlakatlardagi korxonalarning mavsumiy sanitariya tozalash uchun yopilishi, shunga o‘xshagan xabarlar fonidagi tebranishlarning o‘z-o‘zidan bo‘lib ketayotgani “achinarli hol”, deya ta’kidlamoqda.
Joriy yilning 15-sentabr holatiga birja savdolarida 1-navli un mahsuloti narxi 4 230,3 ming so‘mga yetgan bo‘lsa, oy boshida, 4-sentabr holatiga mahsulot narxi 3 760,9 so‘mni tashkil etgan. Natijada, 10 kunda unning birjadagi narxi 469,4 so‘mga oshgan.
Shu bilan birga, oy boshida kunlik savdo hajmi o‘rtacha 2344,5 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, oy o‘rtasiga kelib bu ko‘rsatkich o‘rtacha hajmda 6 725,6 tonnaga yetgan.