Joriy yilning avgust oyi boshida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan takliflar bildirilgandi.
Sentabr oyiga kelib, prezident farmoni bilan mazkur strategiya tasdiqlanib, uni joriy yilda o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.
Kambag‘allikni qisqartirish hamda bandlik vazirligi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida aholi bandligi hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilgari surilgan topshiriq hamda tashabbuslarni bir joyga jamladi.
2023-yilning so‘nggigacha vazirlik xitoylik mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar bilan 2024−2030-yillarga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqadi.
2026-yilgacha kambag‘allikni 2 barobarga, 2030-yilgacha esa keskin qisqartirish, kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 mln aholi daromadini oshirish hamda mehnat qobiliyatini ishga solish orqali 3 mln yoshlarni kambag‘allikdan chiqarish belgilanmoqda.
Ijtimoiy sheriklik asosida 500 ming malakali mutaxassis tayyorlash va bunga har yili kamida $1 mlrd yo‘naltiriladi.
Har bir viloyatda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan bittadan jami 14ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.
Mazkur 14 ta tumanda Xitoy tajribasi va yangi yondashuvlar, innovatsion hamda “yashil” texnologiyalar, shuningdek, boshqaruvning yangi usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish usullari joriy etiladi.
Yangi moliyaviy instrumentlar joriy etish orqali kambag‘al aholining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilib, imtiyozli kredit va subsidiyalar berish tizimi takomillashtiriladi.
Ehtiyojmand aholining tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qulay shartlarda qo‘llab-quvvatlash maqsadida raqamli “Mikromoliya” tashkiloti tashkil etiladi.
Xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasbiy ko‘nikmalarni egallashi va munosib ish topishga ko‘maklashish, tadbirkorligini rivojlantirish tizimini takomillashtirishga oid hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Unga ko‘ra, joriy yilning so‘ngigacha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi.
Bunga qo‘shimcha ravishda buyurtma asosida ishsiz va ish qidiruvchi xotin-qizlarni davlat yoki nodavlat ta’lim tashkilotlarida hamda tayyorlov kurslarida maqsadli o‘qitish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 2024-yildan og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi belgilanmoqda.
2024-yildan bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etilishi belgilangan. Bunda, tuman va shahar budjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish jamg‘armalariga yo‘naltiriladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50%i miqdorida subsidiya beriladi. “Izlanish va rivojlanish” markazlari tashkil etilgan kundan 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summa miqdorining 1%ini to‘lash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1% miqdorida hisoblash tartibi joriy qilinadi.
Avvalroq “Mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yib, alohida dasturlar ishlab chiqilgani hisobiga mamlakatda kambag‘allik darajasi 17%dan 14%ga tushib, 347 ta mahalla kambag‘allikdan holi, 1,5 mingga yaqin mahalla esa ishsizlik bo‘lmagan hududga aylangani haqida ma’lum qilingandi.