Avvalroq Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident qarori qabul qilinib, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshirilishi belgilangandi.
Dasturni 2023−2026 yillarda amalga oshirish uchun davlat mablag‘lari hisobidan 6 trln so‘m va xalqaro moliya institutlarining $1,2 mlrd mablag‘lari yo‘naltiriladi.
“Kichik biznesga ko‘maklashish markazi"ga onlayn ariza jo‘natish orqali dasturda quyidagilar ishtirok etishi mumkin:
- kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan YATT, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilganlar, hunarmandlar, kasanachilar, NTT, 3 va undan ortiq kishini ish bilan ta’minlayotgan kichik tadbirkorlar;
- oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar.
Tanlangan tashabbuskorlar biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishida qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslatida o‘qishadi. Uni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olganlar esa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanishadi.
Dastur ishtirokchilari moliyaviy hamda konstruktiv qo‘llab-quvvatlanadi. Konsultativ qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida quyidagilar amalga oshiriladi:
- litsenziya, ruxsatnoma va sertifikatlar olish masalalari, bojxona va soliq ma’muriyatchiligi, eksport va import operatsiyalari, shartnomalarni rasmiylashtirish;
- davlat xaridlarida ishtirok etish, shuningdek, yer uchastkalari va bino-inshootlarni sotib olish yoki ijaraga olish va loyihalashtirish;
- tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaldagi imtiyoz va preferensiyalar, mavjud boshqa yengilliklar va imkoniyatlar bo‘yicha ma’lumot va maslahatlar berish.
Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarning har birida dehqonchilik uchun ijara huquqi bilan berilayotgan yer maydonlarida mahsulotni yetishtirishdan boshlab uni sotishgacha zanjirni yaratishni nazarda tutuvchi kamida bittadan “agregator” va “kooperatsiya” tizimiga asoslangan loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan, “Biznesni rivojlantirish banki"ning ustav kapitalini joriy yilning 1-oktabridan 2024-yilning yakunigacha bosqichma-bosqich 3 trln so‘mga yetkazish belgilanmoqda.
“Qishloq qurilish bank"ka ajratilgan umumiy qiymati 544 mlrd so‘m bo‘lgan kredit liniyalari mablag‘lari mazkur bankka subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtiriladi.
“Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasining ustav kapitali ham 2024-yilning 1-apreligacha 1 trln so‘m miqdorida shakllantiriladi.
Joriy yilning avgust oyida prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida “Qishloq qurilish banki” “Biznesni rivojlantirish banki"ga aylantiriladi va tadbirkorlarga ushbu bankga ulushdor bo‘lib kirish huquqi berilishi ta’kidlangandi.
Mazkur bankka Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari hisobidan bosqichma-bosqich $500 mln miqdorida resurs ajratilishi belgilangan.