Gulnora Karimovaning qaytarilgan mol-mulki O‘zbekistonda onalar va bolalar o‘limini kamaytirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda BMTning mamlakatdagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, “Uzbekistan Vision 2030” jamg‘armasi O‘zbekistonda oldini olish mumkin bo‘lgan onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning o‘limini kamaytirishga qaratilgan yangi loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun $43,5 mln ajratishini e’lon qildi. Loyiha kam vaznli chaqaloqlarning omon qolish darajasini hozirgi 75%dan 90%ga oshirishga qaratilgan.
“Aktivlarni kelib chiqqan mamlakatlarga qaytarish BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining asosiy tamoyilidir. O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi restitusiya to‘g‘risidagi bitim natijasida ochilgan jamg‘arma aktivlarni barqaror rivojlanish maqsadlariga aylantirishi o‘zbekistonliklar hayotini yaxshilashga imkon beradi. BMTning bu loyihasi 30 oy ichida mamlakatda 600 mingta ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni qamrab oladi”, — deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal-Bryus.
Loyiha BMTning bolalar jamg‘armasi (UNICEF), Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi (UNFPA) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) tomonidan birgalikda amalga oshiriladi va natijalarga quyidagi uchta asosiy yo‘nalishlar orqali erishish belgilangan:
- 227 ta perinatal markazlarni boshqarish mexanizmlari, yondashuvlari, yo‘riqnomalari va klinik protokollarini mustahkamlash;
- perinatal markazlarning sifatli inklyuziv sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlarini zarur jihozlarni xarid qilish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish orqali takomillashtirish;
- 10 mlnga yaqin o‘zbekistonliklarga, onalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarga salomatligini muhofaza qilish uchun sifatli va inklyuziv, reproduktiv xizmatlarini talab qilish uchun bilimlar berish.
Ushbu majburiyat birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch tibbiy yordam va aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash kabi islohotlarni o‘z ichiga oladi.
“Oshkoralik juda muhim, chunki u mablag‘larni aniq kuzatish, shuningdek, resurslar qanday taqsimlanishi va ishlatilishini oson tushunish imkonini beradi. Jamiyat o‘z mablag‘larining taqsimlanishini kuzata olsa, bu mas’uliyat va resurslarning samarali taqsimlanishini kuchaytiradi. Mablag‘lar noqonuniy orttirilgan manbalardan olingani tufayli buni hisobga olish ayniqsa muhimdir”, — deydi Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy.
“Uzbekistan Vision 2030” 2022-yilning yoz oyi oxirida ko‘p-sheriklik trast jamg‘arma sifatida tashkil etilgan. Jamg‘arma Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi musodara qilingan aktivlarni o‘zbekistonliklar manfaati yo‘lida qaytarish tartibi to‘g‘risidagi bitimga muvofiq badal hisobidan kapitallashtiriladi.
Joriy yilning avgust oyi boshida Buyuk Britaniyaning Katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurash byurosi (SFO) Gulnora Karimovaga tegishli mamlakatdagi uchta hashamatli mulkini musodara qildi. Ularning umumiy qiymati 20 mln funt sterling ($25 mln)dan ko‘proqqa baholangan.
“SFO” 2018-yilning oktabr oyida Karimovaning Britaniyadagi aktivlarini, jumladan, uchta mulkini musodara qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgan.
“Freedom for Eurasia” Gulnora Karimova Buyuk Britaniyada 50 mln funt sterlingga ko‘chmas mulk sotib olgani, hammasi bo‘lib, uning tuzilmalari Britaniyadagi soxta kompaniyalar orqali $240 mlnlik aktivlarga egalik qilganini yozgandi.