“UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt”, “Lacetti”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun kontraktatsiyani ochmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniyaning “Spot"ga ma’lum qilishicha, 18-sentabr kuni sotuvga chiqarilayotgan shartnomalar soni 20 mingdan ortiq bo‘lib, rasmiy saytida ko‘rsatilgan komplektatsiya va ranglardagi avtomobillar uchun shartnoma tuzish mumkin.
Buning uchun “Chevrolet"ning vakolatli dilerlik markazlariga murojaat qilish, avtomobillar va ularning komplektatsiyalari haqida ma’lumotni +99878 141 7777 telefon raqami hamda uzautomotors.com va chevrolet.uz saytlari orqali olish mumkin.
Avgust oyi boshida “UzAuto Motors” kompaniyasi mazkur avtomobillarning yangilangan komplektatsiyalari uchun shartnomalar tuzishni boshlagandi. 4−5 avgust kunlari “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” uchun 50 mingdan ortiq shartnoma imzolandi.
Shartnoma tuzish ochilganidan buyon, deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov qilingan. Avtomobillar joriy yilda o‘z egalariga topshirilishi hamda keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmasligi qayd etilgandi.
Kompaniyaning qayd etishicha, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha dilerlik markazlari xaridorlarga “Cobalt”, “Lacetti”, “Damas” va “Labo” avtomobillarini muddatidan oldin yetkazib berishni boshladi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan ishlar sabab yuqoridagi modellardagi barcha mavjud ranglardagi avtomobillarning qo‘shimcha partiyasini ishlab chiqarish va sotish imkoniyatlari yaratilgan.
Shuningdek, kompaniya avtomobillarni yetkazib berish muddatini qisqartirish maqsadida ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq savdo tizimini joriy etmoqda. Shuningdek, barcha tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar qisqa vaqt ichida o‘z egalariga yetkazib beriladi.
Agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, shartnoma sharti ko‘ra, avtomobillarni yetkazib berish muddati uzaytiriladi. Shu sabab, xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan to‘liq tanishib chiqishlari so‘ralmoqda.
Avgust oyida tuzilgan shartnomalar yuzasidan avtomobillar uchun e’lonlar saytida shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Kompaniya avtomobilni qayta rasmiylashtirish va’dasi bilan to‘lovi amalga oshirilmagan shartnomalarni sotib olishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.