Avvalroq, “UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt”, “Lacetti”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun sotuvni qayta tiklagandi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ijtimoiy tarmoqlarda dastlab, “Cobalt” va “Lacetti” avtomobillari uchun shartnomalar tugagani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi avtomobillarning qo‘shimcha partiyasi uchun shartnomalar to‘liq tuzib bo‘linganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Xususan, 18-sentabr kuni kontraktatsiyasi qayta ochilgan avtomobil modellarini xarid qilish uchun bir necha soat ichida 28 mingdan ortiq shartnomalar imzolangan.
Hozirda shartnomalar tuzish uchun “Chevrolet Tracker”, “Onix” va boshqa qimmatroq modellar mavjud.
Avgust oyi boshida “UzAuto Motors” kompaniyasi mazkur avtomobillarning yangilangan komplektatsiyalari uchun shartnomalar tuzishni boshlagandi. 4−5 avgust kunlari “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” uchun 50 mingdan ortiq shartnoma imzolandi.
Shartnoma tuzish ochilganidan buyon, deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov qilingan. Avtomobillar joriy yilda o‘z egalariga topshirilishi hamda keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmasligi qayd etilgandi.
Avgust oyida tuzilgan shartnomalar yuzasidan avtomobillar uchun e’lonlar saytida shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Kompaniya avtomobilni qayta rasmiylashtirish va’dasi bilan to‘lovi amalga oshirilmagan shartnomalarni sotib olishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.