Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrifi doirasida “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi bilan uchrashdi.
Unda kompaniya bilan strategik sheriklikni kengaytirish masalalari, joriy loyihalarning borishi va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalar ko‘rib chiqildi.
“Air Products” tomonidan “Uzbekistan GTL"da sanoat gazlarini qayta ishlash, “Navoiyazot” negizida sintez-gaz, kislorod va azot, suyultirilgan karbonat angidrid ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirmoqda.
Keyingi ikki yilda mazkur loyihalarning davomi sifatida kompaniyaning $1 mlrddan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jalb qilindi.
Suhbatda ko‘mirni gazlashtirish, texnik gazlar, vodorod va ammoniy ishlab chiqarish hamda achchiq gazlarni utilizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi.
“Air Products” ekspertlari karbonsizlashtirish sohasida zarur normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ham qatnashadi. Bundan tashqari, loyihalar portfelidan oziq-ovqat sanoatiga innovatsion ishlanmalarni joriy qilish ham o‘rin olgan.
Uchrashuv yakunida kompaniyaning O‘zbekiston uchun qiymati $10 mlrddan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar almashildi.
Avgust oyida O‘zbekiston Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Air Products” boshqaruvi raisi Seyfi Gasemi “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangandi. Shavkat Mirziyoyev kompaniya boshqaruvi raisiga davlat mukofotini topshirdi.