Joriy yilning 18-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifi doirasida Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mamlakatning “GE HealthCare”, “Oppenheimer”, “Cerberus”, “CNH” va “Cintana” korporatsiyalari rahbarlari ham ishtirok etgan uchrashuvda prezident mazkur palata tashkil etilganining 30 yilligi bilan tabriklab, tuzilma ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Palata raisi Kerolin Lemm davlat rahbariga Amerika biznesining O‘zbekistonga qiziqishi va ishonchi oshishiga xizmat qilayotgan islohotlar dasturini amalga oshirishdagi siyosiy yetakchiligi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, keyingi bir necha yilda palata tarkibiga AQShning yirik kompaniyalari kirgani, ularning umumiy soni 50taga yetgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda AQSh biznesining mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish borasidagi aniq rejalari muhokama qilindi.
Prezidentning “Cerberus” kompaniyasi vitse-prezidenti Brayan Xuk bilan o‘tgan uchrashuvida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Aktivlari qiymati $60 mlrddan ziyod bo‘lgan global investitsiya korporatsiyasi kommunikatsiyalar tarmog‘i, foydali qazilmalarni qazib chiqarish, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirishni rejalashtirgan. Vitse-prezident Brayan Xuk ilk hamkorlik loyihalari joriy yilning oxiriga qadar boshlanishini ta’kidladi.
“GE HealthCare” kompaniyasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi prezidenti va bosh ijrochi direktori Rob Uolton ishtirokidagi uchrashuvda korporatsiyaning mamlakatda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi rejalari muhokama qilindi.
Korporatsiya strategik sheriklik doirasida O‘zbekiston korxonalari bilan investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish va ularni mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish niyatida.
“GE HealthCare” kompaniyasi prezidenti Rob Uolton sog‘liqni saqlash sohasida kardiograflar ishlab chiqarish, skrining va kardio axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. Bundan tashqari, investor O‘zbekistonda Milliy tibbiy ma’lumotlar arxivini yaratishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Prezident “Oppenheimer” investitsiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jon Tonelli bilan uchrashib, kompaniya sarmoyasini jalb qilgan holda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Aktivlari qiymati $36 mlrd bo‘lgan mazkur investitsiya bank direktori mamlakatda sanoat quvvatlarini tashkil etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
Birinchi bosqichda to‘qimachilik klasterlari, qurilish materiallari sanoati korxonalarini rivojlantirish, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga investitsiya yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Prezident ushbu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga tez fursatda amaliy ishlarni boshlashga topshiriq berdi.
Prezident qishloq xo‘jaligi mashinasozligida O‘zbekistonning strategik hamkori hisoblangan “CNH” kompaniyasi vitse-prezidenti Stiv Naderni bilan uchrashdi.
Aktivlari qiymati qariyb $50 mlrd bo‘lgan kompaniya “Case” va “New Holland” brendlari ostida yo‘l qurish va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaradi. Vitse-prezident Stiv Naderni kompaniyaning quyidagi rejalarini ma’lum qildi:
- tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish;
- kombayn va paxta yig‘ish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish;
- yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish;
- lizing tuzilmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy resurslar ajratish.
Prezident kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, davlat rahbari “Cintana” kompaniyasi rahbari Duglas Bekker bilan uchrashdi. Bu kompaniya Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat yuritadi hamda universitetlarda ta’lim sifatini oshirish bilan shug‘ullanadi.
“Cintana” asoschisi va raisi Duglas Bekker Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda mamlakatda Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish ustida ish olib bormoqda. 2024-yildan sog‘liqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashni boshlash belgilangan.
Davlat rahbari ushbu rejalarni ma’qullab, O‘zbekiston ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.
Amerika kompaniyalari bilan o‘tgan uchrashuvlar yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishildi.
Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi doirasida O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi o‘tkazilib, unda 12ta hujjat imzolangandi.