Joriy yil yakunigacha pensiyalar miqdori jami 14%ga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zLiDeP ma’lum qildi.
Oliy Majli Qonunchilik palatasida O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilib, unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, ayrim qonunlarga nogironligi bo‘lganlarning ijara munosabatlaridagi huquq va erkinliklarini mustahkamlash hamda pensiyalarni tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tegishli qonun loyihasi muhokama qilindi.
Loyiha bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bunda, har yili davlat pensiyalari miqdorini inflyatsiya darajasida qayta hisoblash, oshirib borish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, yil yakunigacha pensiyalar miqdorini inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda jami 14%ga oshirish belgilangan.
Bundan tashqari, fuqarolarning pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida 2024-yildan pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirilmoqda.
Qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ma’qullandi.
Joriy yilning 1-aprelidan pensiya va nafaqalar miqdori 7%ga oshirilgandi. 1-avgustdan esa ish stajiga ega bo‘lmagan keksalarga beriladigan nafaqa miqdori, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi hamda nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarni parvarish qiluvchilar nafaqasi 568 ming so‘mga oshirildi.