Bosh vazir Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan uchrashdi, deya xabar berdi Rossiya hukumati matbuot xizmati.

Mishustin energetikani ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli sohasi sifatida qayd etdi. Xususan, u, ayniqsa, qishda O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar fonida Rossiya texnologiyalaridan foydalangan holda atom elektr stansiyalari qurilishiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning sanoat salohiyatini ochishga yordam beradi”, — dedi Rossiya bosh vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mamlakat temir yo‘l transportini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik dasturini ishlab chiqmoqda va rossiyalik investorlar mamlakatdagi aeroport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida Abdulla Aripov Rossiya bilan tog‘-kon metallurgiya, energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va elektrotexnika sanoatidagi hamkorlikni qayd etdi.

Bundan tashqari, Navoiy va Buxoro viloyatlarida Rossiya ishtirokida texnoparklarini ochish rejalashtirilgan. Natijada, ularning umumiy soni to‘rttaga yetadi.

O‘zbekiston hukumati rahbari “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi hamda Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yangi multimodal transport yo‘lagini yaratish loyihasini qo‘llab-quvvatlab, transafg‘on bo‘ylab temir yo‘l qurish muhimligini ta’kidladi.

Aripov o‘zaro pensiya ta’minoti to‘g‘risida shartnoma tuzishni tezlashtirishga chaqirdi. Shuningdek, u o‘zbekistonlik ishchilarni tashkiliy ravishda ishga olish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish va Rossiya hududlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ochishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar paxta kalavasini yetkazib berish, yadro tibbiyoti sohasida hamkorlik qilish va 2023−2024-yillarda O‘zbekistonning davlat kadastr baholash tizimini yaratish bo‘yicha Rosreestr tomonidan bepul texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Bundan tashqari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturov Rossiya va O‘zbekiston yangi avlod “Lada Vesta” avtomobilini O‘zbekistonda yig‘ishni tashkil etish loyihasini baholashga qaytishi mumkinligini aytdi. Aprel oyida “AvtoVAZ” mamlakatda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqayotgani xabar berilgandi.

Manturovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro savdoda to‘lovlarning 50%dan ortig‘i rublda amalga oshiriladi, rossiyalik investorlar tomonidan to‘plangan investitsiyalar hajmi esa 1 trln rubldan ($10,3 mlrd) oshadi.

Rossiyalik vazir Samarqand va Buxoroda ikkita sanoat parki qurish rejalarini alohida ta’kidlab, istiqbolli sohalar qatorida u metallurgiya, avtomobilsozlik, farmatsevtika, temir yo‘l va qishloq xo‘jaligi mashinasozligini qayd etdi.


Avvalroq o‘zbekistonliklar “AvtoVAZ” korxonasiga ishlash uchun jo‘natilayotgani Migratsiya agentligi 1000tagacha fuqaroni mazkur korxonaga ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi.