Umrbek Ibragimov 1998-yil Xorazm viloyatida tavallud topgan. U 2021-yil Urganch davlat universitetining tarix fakultetini tamomlagan.

Umrbek Germaniyaga uchta — til kursi uchun 2019-yil HSK, 2021-yil bir semestrlik o‘qish uchun Copernicus va magistratura uchun DAAD grantlarini qo‘lga kiritadi.

Hozirda Berlindagi Erkin (Freie Universität Berlin) universitetida magistratura bosqichining turkologiya yo‘nalishi magistranti.

U “Spot” bilan suhbatda ushbu grantlarni qanday qo‘lga kiritgani, buning uchun nima qilish kerakli va mamlakat ta’lim tizimi, talabalarning o‘qishdan tashqari ishlashi haqida ma’lumotlar berdi.


Nega Germaniyani tanlagansiz?

Germaniyani tanlashimga o‘sha davlatni tili yoki madaniyatiga emas, balki tarix faniga bo‘lgan qiziqishim sabab bo‘lgan deb ayta olaman. Chunki, o‘zim yashaydigan Xorazm vohasida qadimgi xorazm tili bo‘lganligini ko‘p eshitganman. Bu eroniy tillarning sharqiy guruhiga mansub til hisoblanadi.

Shu sababdan ham universitetga bakalavrga kirganimdan keyin o‘sha tilni o‘rganishni niyat qilgandim. Ammo bu til avval mamlakatimizda o‘rganilmaganligi sabab bu yerda o‘rganishning ilojisi yo‘q ekan.

Vaqt o‘tib xorazm tilini nemislar ko‘proq o‘rganganligi va Germaniyaga borib o‘rganish mumkinligini bildim. Orzum tezroq amalga oshishiga esa nemis tilini yaxshi bilishim sababchi bo‘ldi deb o‘ylayman.

DAAD HSK granti haqida

Men Germaniyaga magistraturaga kirmasimdan avval 2019-yil til kursi va bir semestrlik o‘qish uchun ikki marotaba tashrif buyurganman.

Birinchisi, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun yozgi kurslar hisoblangan DAAD HSK granti bo‘lib, unga bakalavr darajasidagi 2,3 kurs talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Shuningdek, bu til kursi bo‘lishiga qaramasdan barcha soha bo‘yicha ishtirok etish mumkin. Ya’ni faqat nemis tilini o‘rganuvchilar ishtirok etishi kerak degan talab yo‘q.

Grantning amal qilish muddati bir oy bo‘lib, o‘sha vaqt oralig‘ida DAAD tashkiloti sizning Germaniyaga borib kelish, kvartira va yeb-ichish xarajatlaringizni to‘liq qoplab beradi. Shuningdek, qo‘shimcha tarzda kurs puli ham to‘lanadi.

Grantga hujjatlar onlayn tarzda topshiriladigan bo‘lgani uchun ham unchalik qiyin bo‘lmaydi. Asosiysi nemis tilini A2 darajada bilishingiz va motivatsion xatingiz yaxshi yozilgan bo‘lsa kifoya.

Motivatsion xat eng asosiy hujjatlardan biri bo‘lib, siz unda nima sabab nemis tilini o‘rganishni istayotganingiz va rejalaringiz haqida yoritib berishingiz zarur.

germaniya, germaniyada ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: Umrbek Ibragimovning shaxsiy arxividan

Copernicus granti bo‘yicha

Germaniyada ikkita Coperniсus Berlin va Copernicus Hamburg grantlari bo‘lib, men Coperniсus Berlin grantini qo‘lga kiritganman. Aslida dastur haqida 2018-yilda eshitgan bo‘lsam-da u haqida ikki yil davomida ma’lumot to‘plaganman.

Dasturda qatnashish arizani onlayn tarzda havola orqali to‘ldirish mumkin.

Grant yutish uchun ingliz yoki nemis tilini suhbatlasha oladigan B1 darajada bilish kerak bo‘ladi, lekin daraja bo‘yicha sertifikat talab qilinmaydi. CV ham topshirishingiz zarur.

Shuningdek, baholash daftarchangiz ham tarjima qilingan bo‘lishi talab qilinadi. Ammo ularning notarial tasdig‘i so‘ralmaydi. Shundan keyin esa nima sabab grantga topshirganingiz, maqsadlaringiz bo‘yicha qisqa savollarni to‘ldira olasiz.

Men topshirgan yili grantga taxminan mingta odam hujjat topshirgandi. Ammo nomzodlar orasidan faqat ikkitasigina tanlab olinadi.

Grantning amal qilish muddati 1 semestr, ya’ni 6 oy bo‘lib, apreldan sentyabrning oxiriga qadar davom etadi.

Dasturda 2 xil stipendiya mavjud — to‘liq va qisman iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash. To‘liq stipendiya quyidagi imtiyozlarga ega:

  • bepul turar joy;
  • kunlik xarajatlar uchun stipendiya;
  • berlinga yetib kelganda beriladigan bir martalik “Kutib olish paketi” (50 yevro atrofida pul, shuningdek Berlinga kelgan ilk kunlarda kerak bo‘ladigan ilk zaruriy narsalar);
  • darsliklar, kerakli materiallar va barcha boshqa zaruriy narsalar uchun mablag‘;
  • viza, sug‘urta va yo‘l xarajatlari, shuningdek, Berlindagi 1 semestr uchun kontrakt xarajatlari qoplab beriladi.

Qisman ta’minot stipendiyasida esa yo‘l va oylik sug‘urta xarajatlari qoplab berilmaydi.

Nemis tilini yaxshi biladiganlarni nemis oilalariga joylashtirishadi. Negaki grantning asosiy maqsadi g‘arb va sharq o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishdir. Ingliz tilida topshiradiganlar uchun alohida yotoqxonalar mavjud.

germaniya, germaniyada ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

DAAD granti haqida

DAAD masters scholarship — Germaniyada eng yaxshi ommabop grant hisoblanadi. Hujjat topshirish jarayoni nisbatan uzoqroq — sentabrdan dekabrgacha davom etadi.

Hujjatlarning hammasi o‘zini portaliga onlayn tarzda topshiriladi. Taxminimcha, men topshirgan yili O‘zbekistondan 50tacha odam yutgan.

Magistraturaga hujjat topshirishdagi asosiy talablar:

  • baholash daftarchangizda yaxshi baholar bo‘lishi va u nemis tiliga tarjima qilinishi zarur;
  • 2 professordan tavsiyanoma;
  • nemis tilini kamida B2 darajada bilish kerak;
  • 1, 1,5 bet atrofida motivatsion xat.

Motivatsion xatda asosan Germaniyaga borgandan keyingi rejalar, maqsadlar, olgan bilimlarni qanday maqsadda foydalanish haqida yoritib berish zarur. Xatni nemis yoki ingliz tilida yozish kerak.

Meni doimo grantni yutish uchun eng kerakli kalit motivatsion xat deyman. U qanchalik yaxshi yozilgan bo‘lsa, imkoniyat ham shuncha kengayadi.

Ba’zi talabalar ko‘proq Germaniyani maqtash kerak deb o‘ylaydi. Lekin men yangi topshiradiganlarga bunday qilishni tavsiya qilmagan bo‘lardim, chunki asosiy e’tiborni u yerga topshirish maqsadiga qaratish kerak deb o‘ylayman.

Shuningdek, qo‘shimcha sertifikatlar bo‘lsa ularni ham topshirish mumkin. Hujjatlarning hammasi to‘liq va yaxshi bo‘lsagina siz ikkinchi bosqichga suhbatga o‘tasiz.

Suhbat jarayoni 7tadan 10tagacha professorlar bilan onlayn tarzda amalga oshiriladi. Agarda suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tsangiz yutgan hisoblanasiz.

Grantning amal qilish muddati 4 semestr bo‘lib, oylik stipendiya (tahminan 950 yevro) beriladi. Bunda asosan sug‘urta to‘lovlari, borish-kelish xarajatlari qoplab beriladi. O‘quv qurollari uchun kerak bo‘ladigan bir martalik to‘lov ham bor.

Germaniyada qimmat shaharlar bor. Agarda talaba shunday shaharlarning birida turadigan bo‘lsa, kvartira uchun qo‘shimcha yordam beriladi. Nomzod oilali bo‘lsa oila a’zolari bilan birga kelishi mumkin, ularning ham xarajatlari qoplab beriladi.

germaniya, germaniyada ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: Freie Universität Berlin

Viza olish jarayoni haqida

Germaniyaga viza olish boshqa davlatlar kabi unchalik qiyin bo‘lmaydi.

Agarda siz biror bir tashkilotdan grant yutib ketayotgan bo‘lsangiz undan ham yaxshi, chunki ularning vizasi 99% ijobiy hal bo‘ladi va bir oyga yetmasdan tayyor bo‘ladi. Men ham Copernicus grantini yutganligim sabab viza olishimda qiyinchilik bo‘lmagan.

Viza uchun kerakli hujjatlar;

  • nemis tilini bilish bo‘yicha sertifikat;
  • ariza;
  • xorijga chiqish pasporti;
  • grant yutgan bo‘lsangiz uni tasdiqlovchi hujjat.

Ba’zi hollarda motivatsion xat ham so‘raladi.

Hujjatlarning barchasi Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi sayti orqali elektron tarzda topshiriladi. Bundan keyin esa siz bilan biror kunga uchrashuv belgilanadi.

Uchrashuvda elchixonadagilar sizni hujjatlaringizni ko‘zdan o‘tkazish jarayonida nemis tilida bir nechta savollar beradi va suhbat 5 daqiqa atrofida davom etishi mumkin.

germaniya, germaniyada ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Germaniyaning o‘ziga xos jihatlari

Germaniyada 16 hudud (viloyat) bo‘lib, shundan 15 tasida o‘qish bepul hisoblanadi. Bunda faqat universitetga kirgandan keyin semestr to‘lovi (250−300 yevro) ni to‘lash kifoya. Kontrakt pulini davlat o‘z zimmasiga olgan.

So‘ngi paytlarda Germaniyaga o‘qishga topshirayotganlarning soni ham shu sabab ortib bormoqda. Boshqa davlatlar universitetlarida o‘qish uchun qanchadir miqdorda pul to‘lashing zarur, grant yutish ham oson emas.

Har bir hudud markazi va mahallalarda ham kutubxonalar mavjud. U yerda siz o‘zingizga kerak bo‘lgan deyarli barcha kitoblarni topishingiz mumkin. Hayratlanarlisi — o‘zbek va qoraqalpoq tilidagi kitoblar ham bor.

Germaniyaga tashrif buyurganimda hayron qoldirgan narsalar ko‘p bo‘lgan. Birinchidan, nemislar juda ham tartibli xalq. Hamma narsa qonun bo‘yicha ishlaydi. Ularda bu tartibni biz o‘rnatganmiz, nima sabab o‘zimiz buzishimiz kerak degan naql bor.

Bu qonunlar boshida menga bosimdek sezilgan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘rganib ketganman va foydali tomonlarini bilganman.

Ajablanarlisi, ish vaqti tugasa rahbarni o‘zi kelib ish vaqti tugaganligini aytadi, chunki ular odamlarning ishdan tashqari bo‘sh vaqti bo‘lishi kerak deb o‘ylashadi.

germaniya, germaniyada ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: Wikipedia

Oylik xarajatlar

Germaniyada yashash uchun sarflanadigan xarajatlar unchalik qimmat emas. Kvartira narxlari ham yuqori deb ayta olmayman. Masalan, Berlinda oyiga 300 yevrodan 500 yevrogacha to‘lansa, talabalar yotoqxonasi 200−300 yevro atrofida bo‘ladi.

Lekin men Copernicus grantini yutgan paytimda nemis oilasiga joylashtirilgandim. Va magistraturaga kirganimdan keyin ham shu yerda qolishni ma’qul ko‘rganman. Bunga to‘lanadigan narx esa oyiga 200 yevroni tashkil qiladi.

Oziq-ovqat mahsulotlari bizga nisbatan biroz qimmat, lekin qancha mablag‘ ishlatishingiz o‘zingizga bog‘liq deb o‘ylayman. Shaxsan o‘zimni holatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, haftasiga taxminan $20 sarflayman.

Asosan transport masalasida qulayliklar ko‘p. Masalan, poyezdlardan foydalanish oyiga 49 yevro bo‘lsa, talabalik kartasi orqali 13 yevro to‘lash mumkin. Yana bu karta orqali shahardan tashqariga chiqadigan transportlardan foydalanish imkoniyati ham mavjud.

Bundan tashqari, Germaniyada yaqindan boshlab yashil transportni qo‘llab-quvvatlash uchun Dosechland ticket yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, undan talaba sifatida foydalansa butun Germaniya bo‘yicha bepul yurish imkoniyatiga ega.

Universitet va dars jarayonlari

Universitetimiz nomidan ko‘rinib turgani kabi erkin. Dars jarayonlari, ilmiy ishlarda bo‘lsin hech qanday shablonlilikni ko‘rmaysiz. Eng asosiysi talabalar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Jumladan, ular vaqtini chog‘ o‘tkazish uchun amfiteatr va teatrlar bor. U yerda kechki paytlari kino qo‘yib beriladi, ba’zi paytlarda esa konsertlar tashkillashtiriladi.

Shuningdek, talabalarga maxsus dasturlar, stipendiyalar e’lon qilinib turiladi. Universitetimiz har xil brendlar bilan hamkorlik qilgani uchun ular tomondan e’lon qilingan chegirmalar bilan xabardor qilinadi. Yoga bilan shug‘ullanish uchun ham ochiq maydonchalar mavjud.

Bundan tashqari talabalar til o‘rganmoqchi bo‘lsa universitet tomonidan tashkil etilgan bepul ingliz va nemis tili kurslarida qatnashish mumkin.

Meni birinchi ajablantirgan narsa universitet hududida yovvoyilashgan hayvonlar yashaydigan o‘rmon borligi bo‘ldi. U yerda har xil hayvonlarni uchratish mumkin va u yerga hech kim kirmaydi.

Darslar haqida. Germaniyada ham darslar semestrga bo‘linadi, ammo o‘qish 6 oyning barcha vaqtida bo‘lmaydi. Masalan, birinchi semestr aprel oyining oxirida boshlanib, iyul oyining o‘rtalarida tugasa, ikkinchi semestr oktabr oyining oxirida boshlanib fevral oyining o‘rtalarida yakunlanadi.

Shuningdek, har bir semestr model bo‘yicha ishlaydi va o‘z ichiga leksiya, kurs ishi va seminarlarni oladi. Bizdan farqli tomoni esa darslarning erkin va majburiy fanlar bo‘lib bo‘linishida deb ayta olaman.

Majburiy fanlarda qatnashish, topshiriqlarini bajarish qat’iy talab qilinadi. Semestr tugaganidan keyin ham kurs ishi va yozma ishlarini yozish shart. Shaxsan o‘zim har bir semestrda ikki majburiy fanda qatnashganman.

Lekin tanlov fanlarida barchasi erkin. Ulardagi vazifalarni topshirib o‘tirmaysiz.

germaniya, germaniyada ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: Freie Universität Berlin

Darslar davomiyligiga keladigan bo‘lsak, ular modelga bog‘liq bo‘lib har bir fan haftalik soat deyiladi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, bir haftada bir model uchun 4 soat, ikki model uchun 8 soat sarflanadi. Seminar va leksiyalarning ham har biri ikki soatni tashkil etadi.

Meni sohamdagi dars jarayonlarida ko‘proq til va tarix o‘rganiladi, ya’ni bitta matnni olib, uni tahrir qilamiz va haqiqiy mag‘zini chaqishga harakat qilamiz.

Lekin bizda universitetga borib o‘qishdan ko‘ra, uyda o‘tirib o‘zingiz mustaqil ishlashingiz zarur bo‘lgan vazifalar ko‘p bo‘ladi. Masalan ba’zi vazifalarda 300 bet kitob o‘qish kabi topshiriqlar ham beriladi.

Bu yerda sizga har xil fanlar beriladi va qaysi fanlarni yopishni o‘zingiz hal qilasiz. Shu sababdan ham har fanda har xil talaba bilan dars o‘tasiz. Bizda unaqa bo‘lmaganligi sabab ko‘nikishim qiyinroq bo‘lgan.

Ayni payda kursdoshlarim asosan Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Serbiya, Bolgariya va Germaniya kabi mamlakatlardan.

Imtihonlar. Bu yerda imtihonlar yozma tarzda bo‘ladi. Biz tarix fakultetida o‘qiganimiz uchun ko‘proq matnlar bilan ishlaymiz.

Shu sababdan ham ba’zan imtihonda eski usmoniy turkchada yozilgan matnni zamonaviy alifboda yozish kabi topshiriqlar ham beriladi. Lekin, ba’zi universitetlarga o‘xshab ilmiy maqola yozish kerak degan qat’iy talab qo‘yilmagan. Bu talabaning o‘z xohishiga bog‘liq.

Bir modelni yopish uchun 10 betdan 20 betgacha kurs ishi yozilishi talab qilinadi. Ammo topshiradigan kurs ishingiz qanday bo‘lishini o‘zingiz hal qilishingiz mumkin.

Talabalarning ishlashi haqida

Germaniyada talabalar darsdan tashqari yarim stavka, ya’ni oyiga 120 soat davomida ishlashi mumkin. Ularning qayerda kim bo‘lib ishlashi bo‘yicha esa qat’iy talab qo‘yilmagan. Hammasi talabaning o‘z xohishiga bog‘liq.

Lekin bilishimcha, ko‘pchilik talabalar hujjat ishlarida ishlashni ma’qul ko‘rishadi.

O‘zim ham darsdan so‘ng Berlin shahridagi qariyalarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotda tarjimon va byuro yordamchisi bo‘lib ishlayman. Qiladigan asosiy ishim esa rus va turk tillari bo‘yicha tarjimonlik qilish.

Bu yerda eng kam ish haqi soatiga 12 yevro bo‘lib, talabalar asosan 12−13 yevrolik ishlarda ishlashadi. Menga ham soatiga 13 yevro to‘lanadi.