Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi.
Unda AQSh prezidenti Jo Bayden, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Sammitda sakkiz yil muqaddam Samarqand shahrida tashkil etilgan “S5+1” formati Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot, barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangani ta’kidlandi.
Davlat rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, o‘zaro anglashuv va sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, bu keng hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi.
Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, ta’lim dasturlarini kengaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatning tinch yo‘l bilan hal etilishiga ko‘maklashish kabi mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlari doirasida Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi. Unda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSH prezidenti mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hamda Yangi O‘zbekistonda amalda oshirilayotgan va muqarrar tus solgan islohotlar siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Shu bilan birga, AQSh kompaniya va banklari bilan amaliy hamkorlik loyihalarini ilgari surishga to‘xtalib o‘tildi. Inson huquqlari, gender tenglik sohalarida hamda inson farovonligini ta’minlashning boshqa yo‘nalishlarida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga e’tibor qaratildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev AQSh kompaniyalari bilan muzokaralar olib borgandi.