“IT Park” andijonlik dasturchi Murodillo Ismatov hikoyasini taqdim etdi.


Murodillo Ismatov Toshkentdagi Inha universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha mobil dasturchi.

“iTechArt Group”, “Integer Academy” kabi kompaniyalarda faoliyat yuritgan. Hozirda frilans dasturchi sifatida ham ishlab, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Uning qayd etishicha, dasturchilikka bolaligidan, kompyuter o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishi orqali kirib kelgan.

“Dasturchiga aylanish uchun universitetda olingan bilimlarning o‘zi yetarli bo‘lgan. Bilmaganlarimni internet va ochiq ma’lumotlar bazasidan o‘rganganman” — deydi u.

Murodillo dastlab ish amaliyotini 2018-yili “Uztelecom"dan boshlagan. Besh yilga yaqin faoliyati davomida 20dan ortiq katta va 100dan ortiq kichik loyihalarda ishtirok etgan. Ularning ko‘p qismi Yevropa davlatlari va Ukrainadan.

Uning aytishicha, hozirda jamoa O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha ham buyurtmalar qilmoqda. Shu kunlarda mamlakatda faoliyat yuritayotgan banklardan birining mobil ilovasi ustida ishlayotganini ham aytib o‘tdi.

Maqola qahramoni loyihalar haqida gapirar ekan, ulardan kelayotgan daromadning bir qismini ochiqladi.

“Dastlab “iTechArt group"da iOS muhandis, “Integer Academy” va “Digital City"da Android va iOS bo‘yicha mentor bo‘lib ishlaganman. Hozirda bir qator kompaniyada frilans dasturchi sifatida ishlab kelmoqdaman”, deydi Murodillo.

Ulardan biri Ukrainaning “Eastern Peak” kompaniyasi bo‘lib, aynan mazkur kompaniyadan “software engineer” sifatida oladigan oylik daromadi $3700ni tashkil etadi.

Yoshlikdan xorijiy tillarni o‘rganish kelgusida ko‘plab imkoniyat eshiklarini ochib beradi, deya qayd etadi u. Bundan tashqari, dasturchilikda ingliz tili hamda jamoaviy ishlay olish muhim ahamiyatga ega.

Murodillo kelgusida “Amazon”, “Apple”, “Microsoft” kabi kompaniyalarda ishlab tajriba orttirishni va dasturlash sohasidagi bilimlarini yanada mustahkamlash niyatida ekanligini bildirdi.


Avvalroq “IT Park” tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning texnopark nima uchun kompaniyalarni rezidentlikdan mahrum qilishi va nima uchun a’zo bo‘lish kerakligi haqidagi maqolasini e’lon qilgandi.