Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
“Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz „Inson qadri va manfaatlari uchun“ degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari bormoqda”, — dedi prezident.
Mamlakat yetakchisi iqtisodiyotni liberallashtirishdagi asosiy vazifa — yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish ekanligini qayd etdi.
“Biz BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan „Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori“ borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024-yili BMT shafeligida „Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l“ butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman”, — dedi prezident.
Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratildi. Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash O‘zbekistonning strategik vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Davlat rahbari O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlashda davom etishini bildirdi.
“Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini amalga oshirish masalasi dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Sohada BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorlik o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi — 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Prezident xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi dolzarb masala ekanini qayd etdi. Mamlakat “BMT — Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlanib, ayollarning “bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish” masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Prezident Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini ko‘rsatib o‘tdi. BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqada qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi.
“Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti"ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Biz BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz”, — dedi prezident.
O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini oshirish strategik vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liqligi qayd etildi. Bu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda. Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.
Prezident afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozimligini qayd etib, Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi.