Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024-yilda aholi uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilishini ma’lum qilgandi.
Energetika vazirligi energiya narxini hozirgi darajada ushlab turish uchun budjetdan qancha mablag‘ sarflanishini hisoblab chiqdi.
Narx shakllanishining bozor mexanizmlari yo‘qligi tizimning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda hamda davlat energetika sohasini subsidiyalashga majbur bo‘lyapti, deyiladi sharhda.
Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 kilovatt-soat elektr energiyasining tannarxi 970 so‘m (aholi uchun tarif 295 so‘m) turadi. 1 kub metr gaz narxi esa — 1 890 so‘m (380 so‘m).
Agar bir oila har oy o‘rtacha 200 kilovatt-soat elektr energiyasidan foydalansa, har bitta iste’molchi uchun ajratiladigan subsidiya hajmi oyiga 135 ming so‘m yoki yiliga 1,62 mln so‘mni tashkil etadi. O‘zbekistonda elektr tarmoqlari 7,4 mln abonentga ega.
Isitish mavsumida gaz iste’moli bitta oila uchun o‘rtacha 750 kub metrni tashkil etadi. Mavjud tariflar bo‘yicha gazlashtirilgan 4,1 mln xonadonning har birini subsidiyalash uchun 1,132 mln so‘m sarflanadi.
Energetika sohasiga davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalarning umumiy hajmi o‘rtacha 14 trln so‘mni yoki yiliga $1,15 mlrdni tashkil etadi. Birgina elektr energiyasi uchun yiliga o‘rtacha 11,98 trln so‘m sarflanadi.
Tizimni yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘lar faqatgina paydo bo‘lgan mazkur tafovutni qoplashga sarflanmoqda. Bundan tashqari, amaldagi tartib ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermaydi, deyiladi xabarda.
Sohaning bozor tamoyillariga o‘tishi budjetga sezilarli mablag‘larni tejash imkonini berishi kutilmoqda. Ularni esa ijtimoiy sohani rivojlantirishga, yangi maktablar, tibbiyot muassasalarini qurishga, yangi texnologiyalarni olib kirishga hamda energetika tizimini modernizatsiya qilishga sarflash mumkin.
“Shuningdek, energiya borasida bozor qoidalari bilan yashash iste’molchilik madaniyatini, ortiqcha isrofgarchilikni, xarajatlarni mustaqil nazorat etish va [mablag‘larni] oqilona taqsimlash kabi ko‘nikmalarni shakllantirish hamda rivojlantirishga ham turtki bo‘lishi, shubhasiz”, deyiladi vazirlik izohida.
Avvalroq Vazirlar Mahkamasi 1-oktabrdan tadbirkorlar uchun elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni tasdiqlagandi.