Hukumat qarori bilan tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, mazkur davlat xizmati Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda vazirlik vakolatli organ hisoblanadi.
Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomani topshirish bo‘yicha harakatlar talabnoma beruvchi tomonidan bevosita yoki vakili orqali amalga oshiriladi.
Davlat xizmatidan vakolatli organning axborot tizimi, Yagona portal yoki pochta aloqasi orqali foydalanish hamda talabnoma topshirish mumkin. Undan keyin, 3 oy davomida talabnoma topshirish uchun patent boji to‘lovini amalga oshirishi kerak.
Patent boji to‘langach, talabnoma qabul qilinib, uning qayd raqami va kelib tushgan sanasi ko‘rsatilgan xabarnoma talabnoma beruvchiga yuboriladi.
Intellektual mulk markazi talabnoma kelib tushgan sanadan 30 kun davomida talabnomaning rasmiy ekspertizasini amalga oshiradi.
Reglamentga ko‘ra quyidagilar tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:
- davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar;
- tovar va uning tayyorlovchisi to‘g‘risidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
- jamiyat manfaatlariga, odamiylik va axloq qoidalariga zid bo‘lgan belgilar.
Avvalroq Toshkentda jamoat transporti harakati haqida ma’lumot beruvchi portal ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, 2024-yilning 1-iyunidan qoida tarzida yangi raqamli xizmatlar va servislar birinchi navbatda Yagona portalning mobil ilovasida joriy etiladi.