“Yandex” mashinali o‘rganish (Machine Learning) bo‘yicha mutaxassislar uchun “Yandex ML Prize” stipendiya doirasini kengaytirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib “vc.ru” xabar berdi.
Dastlab ML tadqiqotchilari va ularning rahbarlari uchun rag‘batlantirish sifatida ta’sis etilgan mukofot endilikda beshta nominatsiyani o‘z ichiga oladi — “Birinchi nashr”, “Tadqiqotchilar”, “Yosh ilmiy rahbarlar”, “Ilmiy rahbarlar” va “ML o‘qituvchilari”.
Shuningdek, mukofot geografiyasi ham kengayib, Rossiya, Belarus va Qozog‘istondan tashqari Ozarbayjon, Armaniston, Qirg‘iziston, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan bo‘lgan nomzodlar mukofot uchun ariza topshirishlari mumkin.
Bundan tashqari mukofot generativ modellar, nutqni aniqlash va sintez qilish, tilni qayta ishlash, mashinali tarjima va kompyuter nigoh (computer vision) bo‘yicha mutaxassislarga ham taqdim etiladi. Xalqaro konferensiyalarda o‘z ishini taqdim etadigan “Yandex” xodimlari uchun maxsus nominatsiya mavjud.
“Yandex"ning ta’lim bo‘yicha direktori Daria Kozlovaning ta’kidlashicha, nominatsiyalarni kengaytirish ML mutaxassislarini butun faoliyati davomida qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
G‘oliblar nominatsiyaga qarab 500 ming rubldan 1 mln rublgacha (Markaziy bank kursi bo‘yicha 60,8 — 121,6 mln so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Mukofot uchun arizalar joriy yilning 16-oktabrigacha havola orqali qabul qilinadi. Natijalar dekabr oyida e’lon qilinadi.
“Yandex ML Prize” mukofoti 2019-yildan buyon mashinalarni o‘rganishni rivojlantirishga hissa qo‘shgan mutaxassislarga beriladi. Dastlab, mukofot kompaniya asoschisi Ilya Segalovich sharafiga atalgan, ammo uning oilasi iltimosiga ko‘ra nomi o‘zgartirilgan.