Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda “Boston Consulting Group” kompaniyasi raisi Rich Lesser hamda Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha rahbari Rza Nuriyevni qabul qildi.
Prezident AQSh kompaniyasining O‘zbekistondagi yirik korxonalarning boshqaruvini maqbullashtirish loyihalaridagi faol ishtirokini qayd etdi.
Suhbatda sun’iy intellektdan foydalanib Bilimlar iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli kompleks strategiyani, sanoatni rivojlantirish dasturini hamda O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish “master rejasi"ni birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar quyidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi:
- O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishga uzviy bog‘lagan holda ishlash samaradorligini oshirish;
- davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish;
- banklarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish;
- shaharlarni rivojlantirish;
- energetikadagi loyihalarni ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash.
Avvalroq Markaziy bank rahbariyati xalqaro kompaniya vakillari bilan uchrashib, hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha muhokamasini o‘tkazgandi.
Xalqaro konsalting kompaniyasi Toshkentdagi ofisini 2022-yilning kuzida ochgandi. O‘zbekistonda 2017-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan kompaniya tog‘-kon sanoati, neft-gaz, kimyo, transport logistikasi va qishloq xo‘jaligi hamda davlat sektori uchun loyihalarni amalga oshirdi.