Toshkentdagi “Sharq” nashriyot-matbaa kompaniyasi hamda “O‘zA” binolari auksionga qo‘yildi. Bu haqda Davaktiv agentligi ma’lum qildi.
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 41−42-uy manzillarda joylashgan bino va inshootlarning umumiy yer maydoni 3,02 gektarni, bino-inshoot maydoni 56 525 kv.metrni tashkil etadi. Bino-inshootlar 1975−1979 yillarda qurilgan.
Binolar yangi shaharsozlik talablarini inobatga olgan eng maqbul loyiha konsepsiyasini taqdim etish sharti bilan yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtiriladi.
Auksion ikki bosqichda o‘tkazilib, birinchi bosqichda talabgorlar saralanadi. Bunda, talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, zakalat puli kelib tushganligi, takliflarning davlat aktividan foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabiga muvofiqligi ko‘rib chiqiladi.
Ikkinchi bosqichda esa talabgorning tijorat takliflari, zakalat puli miqdori hamda to‘lov qobiliyati baholanadi. Bunda sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi hamda narx taklifining kamida 5%ini tashkil etishi kerak.
Savdoning birinchi bosqichida ishtirok etish uchun talabgorlar joriy yilning 20-oktabr kuni soat 18:00gacha havola orqali ariza jo‘natishlari mumkin.
Batafsil ma’lumot bu yerda.