Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda krevetka yetishtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, “Ozbekbaliqsanoat” uyushmasi rahbariyati hamda Xitoyning “Shandong Youfa Group” kompaniyasi vakillari uchrashib, hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Tomonlar mamlakatda krevetkani sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish masalasiga e’tibor qaratishdi.
Uyushma vakillari buning uchun O‘zbekistonda mavjud sharoitlar, xitoylik ekspertlar esa krevetka yetishtirish texnologiyasi, usullari hamda hajmlari haqida tushuntirishlar berdi.
Muzokaralar davomida Xitoy kompaniyasi loyiha doirasida krevetka yetishtirishning 4 xil usuli qo‘llanilishini ma’lum qildi. Bu usullar suvni sun’iy sho‘rlatish orqali amalga oshiriladi.
“Shandong Youfa Group” direktorining qayd etishicha, sun’iy tarzda sho‘rlatilgan suvda krevetka boqilgandan so‘ng, artemiya balig‘ini ham boqish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning aprel oyida krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, 2024-yilda 900 ming tonna baliq yetishtirish, 35 240 gektar sun’iy suv havzalarini intensivlashtirib, 513 600 tonna baliq yetishtirish hamda 9 ming xonadonda intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.