“Visa” kompaniyasi Toshkentda o‘z ofisini ochdi. Bu haqda Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (CEMEA) mintaqalaridagi Prezidenti, Endryu Torre “Visa Central Asia Payment Forum” doirasida ma’lum qildi. Bu bo‘yicha kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

“„Visa“ Markaziy Osiyoda 30 yildan ortiq faoliyat yuritib kelmoqda va O‘zbekistondagi ofisimiz ochilayotganligi haqida birinchi bor e’lon qilishdan mamnunmiz”, — dedi Endryu Torre.

U raqamli to‘lovlarning hukumat va Markaziy bank tomonidan amalga oshirilayotgan naqd pulsiz iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi doirasida erishilgan sezilarli o‘sishni qayd etdi.

“Butkul Markaziy Osiyodagi pullar kelajagi raqamli texnologiyalar bilan chambarchas bog‘liq. Biz qulay, tezkor va xavfsiz raqamli to‘lovlarga sezilarli va barqaror o‘tilayotganining guvohimiz”, — dedi Endryu Torre. U mintaqada iqtisodiy o‘sish va rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat hamda xususiy sektorlar bilan hamkorlik davom etishini kutmoqda.

Ukraina, Gruziya, MDH mamlakatlari va Janubi-Sharqiy Yevropadagi Katta vitse-prezidenti va mintaqaviy menejeri Vera Platonova O‘zbekiston “Visa” uchun strategik ahamiyatga ega ekanligini qayd etib, keyingi uchta o‘n yillikda mamlakatda naqd pulsiz iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda xavfsiz va uzluksiz raqamli tranzaksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini bildirdi.

“Toshkentda mazkur ofisning ochilishi mamlakatdagi barcha moliya institutlari va savdo hamda xizmat ko‘rsatish korxonalariga ko‘rsatilayotgan yordamni kuchaytiradi hamda sanoatning yanada taraqqiy qilishiga va umuman iqtisodiy o‘sishga ijobiy hissa qo‘shadi”, — dedi u.

Shuningdek, forum doirasida ekspertlar Markaziy Osiyo bo‘ylab raqamli to‘lovlarni rivojlantirish, biznesni transformatsiya qilish hamda savdo miqyosi va pul harakatlanishining o‘sishiga yordam beradigan jihatlarni muhokama qilishdi.

“Visa” kompaniyasi O‘zbekistonda innovatsion texnologiyalar va yechimlarni joriy etib kelmoqda. Bular qatorida O‘zbekistondagi fintex startaplar uchun “Visa Everywhere Initiative” tanlovi, “MayaSoft” startapi bilan ishga tushirilgan “Visa Tap to Phone” kabilar bor.


Avvalroq “Spot” mahalliy va xorijiy fuqarolar uchun banklardagi xalqaro valyuta kartalarni chiqarish shartlari haqida ma’lumot bergandi.